
Toshkentda noqonuniy kriptoaylanma va narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullangan guruh qo‘lga olindi
Telegram bot orqali narkotik sotib, millionlab dollarlik kriptoaylanmani amalga oshirgan guruh a’zolari qo‘lga olindi.

Toshkent shahrida narkotik vositalar savdosi va kriptoaktivlar aylanmasi bilan shug‘ullangan uch nafar shaxs qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruh Telegramda maxsus bot orqali noqonuniy faoliyat yuritgan.
Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati ma’lum qilishicha, tezkor tadbirlar axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilgan. Aniqlanishicha, bot orqali nafaqat giyohvandlik moddalari, balki kriptoaktivlarni qabul qilish, o‘tkazish va ayirboshlash ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida poytaxtning Yunusobod tumani hududida 1997 va 2001 yillarda tug‘ilgan, A., Sh. va T. ismli shaxslar qo‘lga olindi. Tergov jarayonida aynan shu shaxslar bot va tegishli kanallarni boshqarib kelgani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘lga olish vaqtida to‘rt dona smartfon, uch dona noutbuk, o‘n ikki dona bank plastik kartasi, o‘n bir dona SIM-karta hamda qogozga o‘ralgan giyohvandlik moddalari daliliy ashyo sifatida olindi. Barcha ashyolar xoliclar ishtirokida rasmiylashtirildi.
Telefonlarni ko‘zdan kechirish chog‘ida xorijiy elektron hamyonlar orqali taxminan 95 mingta tranzaksiya amalga oshirilgani, umumiy kriptoaylanma esa 2 million 375 ming dollarga teng ekani aniqlandi. Shuningdek, gumonlanuvchilardan birining yashash manzilidan 550 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari topildi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-8-(kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish), 243-(jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) va 251-1-moddalari (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan.





