Logo

Tramp AQSHning keyingi prezidenti sifatida kimni ko‘rishini aytdi

Bugun 20:352 daqiqa

AQSH Konstitutsiyasiga muvofiq, Donald Tramp ikki martadan ortiq prezident etib saylanishi mumkin emas.

Tramp AQSHning keyingi prezidenti sifatida kimni ko‘rishini aytdi

Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp xususiy suhbatlarda vitse-prezident Jey Di Vensni 2028 yilgi prezidentlik saylovlarida Respublikachilar partiyasining nomzodi sifatida ko‘rishni istashini bildirgan. Bu haqda «The Washington Post» manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Tramp yaqinda partiya donorlari bilan uchrashuv chog‘ida 2028 yilgi prezidentlik saylovlarida Vensning g‘alaba qozonishini istashini aytgan.

«Prezident maslahatchilaridan biri, donorlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat mazmunidan xabardor manbaning aytishicha, Tramp xususiy tarzda aynan Vens Respublikachilar partiyasidagi yetakchilikning vorisi bo‘lishi kerak, degan qarorga kelgan», — deyiladi «The Washington Post» xabarida.

Rubio saylovlar haqidagi muhokamalardan chetda turmoqda

Nashrning qayd etishicha, davlat kotibi Marko Rubio, Tramp tomonidan 2028 yilgi ehtimoliy respublikachi nomzodlardan biri sifatida tilga olingan bo‘lsa-da, prezidentlik saylovlari haqidagi muhokamalardan chetda qolishga harakat qilmoqda.

Avvalroq, iyul oyi boshida «Associated Press» Rubio yordamchilariga tayanib, davlat kotibi agar Jey Di Vens Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun kurashishga qaror qilsa, unga yo‘l berishga tayyor ekanini xabar qilgan edi.

2028 yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari oldidan Respublikachilar partiyasi yangi nomzodni aniqlashi kerak bo‘ladi. AQSH Konstitutsiyasiga muvofiq, Donald Tramp ikki martadan ortiq prezident etib saylanishi mumkin emas.

Avvalroq Tramp ehtimoliy nomzodlar sifatida vitse-prezident Jey Di Vens, davlat kotibi Marko Rubio, moliya vaziri Skott Bessent hamda sobiq ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem nomlarini ham tilga olgan.

Teglar

Mavzuga oid