Tramp Eron boshqaruvini ham qo‘lga olmoqchi

Bugun 16:484 daqiqa

Urush davom etar ekan, Tehron va Vashingtondan muzokaralar haqida bir-biriga qarama-qarshi bayonotlar yangray boshladi. Tramp Eronga «juda hurmatli» yangi rahbar tayinlanishi mumkinligini da’vo qildi. OAV esa gap Eron parlamenti spikeri haqida ketayotgan bo‘lishi mumkinligini yozmoqda.



Bugun, 24-mart AQSH va Isroil tomonidan Eronga qarshi urush boshlanganiga 25 kun bo‘ldi. Urush to‘rtinchi haftaga kirar ekan, ehtimoliy diplomatiya haqida qarama-qarshi bayonotlar paydo bo‘la boshladi. Bir tarafda AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan samarali muzokaralar olib borilayotganini aytsa, boshqa tarafda Tehron bunday bayonotlarini rad etimb chiqdi. Xo‘sh, Yaqin Sharqdagi urush atrofida nimalar bo‘lyapti o‘zi?

2026-yil 28-fevral kuni Isroil bilan birgalikda Eronga qarshi urush boshlab, uning oliy rahnamosini o‘ldirgan, Eronning elektr stansiyalarini “yo‘q qilib tashlash” bilan tahdid qilganidan AQSH prezidenti Donald Tramp 23-mart kuni AQSH Eron bilan birgalikda Fors ko‘rfazidagi strategik ahamiyatga ega Ho‘rmuz bo‘g‘ozini nazorat qilishi mumkinligini aytdi. Uning aytishicha, AQSH va Eron Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarni hal qilish bo‘yicha «juda yaxshi va samarali muzokaralar» olib bormoqda va muzokaralardan keyin urushni tugatish maqsadida mamlakatda «qo‘shma boshqaruv» o‘rnatilishi mumkin. Trampning da’vo qilishicha, Eronga «juda hurmatli» deb ta’riflangan, ammo ismi oshkor etilmagan yangi rahbar tayinlanishi mumkin.

«Politico»ning o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, AQSH prezidenti ma’muriyati Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibafni muzokaralar uchun potetsial hamkor va ehtimol, yangi yetakchi sifatida ko‘rib chiqmoqda.

Jurnalistlar tomonidan «mamlakatni kim boshqaradi?» degan savolga javob berar ekan, u «balki qo‘shma rahbarlik» degan g‘oyani ham rad etmagan va Venesuela bilan bog‘liq modelni misol qilib keltirgan.

Tramp, shuningdek, Fors ko‘rfazi neft tashuvchi asosiy yo‘li bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha 48 soatlik talab qo‘yganini aytgan. U Eronning elektr stansiyalariga qarshi hujumlarni 5 kunga kechiktirish haqida e’lon qildi hamda Eron tinchlik istashini va yadroviy qurolga ega bo‘lmaslikka rozi bo‘lganini ta’kidladi.

Tramp, agar muzokaralar buzilsa, AQSH «juda qattiq bombardimonni davom ettiradi» deb ogohlantirgan va tinchlik kelishuvi ehtimoli yuqori ekanini aytgan.

Eron nima deydi?

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Trampning bayonotlarini rad etdi. Uning bildirishicha, Eron va AQSH o‘rtasida hech qanday muzokaralar olib borilmayapti. Pezeshkiyon Trampning so‘zlarini energiya narxlarini pasaytirishga urinish va harbiy rejalarni amalga oshirish uchun vaqt yutish maqsadidagi bayonot deb baholagan.

Qolaversa, Pezeshkiyon Eron so‘nggi kunlarda faqat mintaqa davlatlari bilan, xususan Ummon bilan muzokaralar olib borayotganini ta’kidlagan. Shu yerda eslab o‘tish o‘rinliki, urush boshlanishidan oldin AQSH va Eron o‘rtasidagi bilvosita muzokaralarga aynan Ummon vositachilik qilayotgan edi. Pezeshkiyon Ummon bilan muloqotlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini muvofiqlashtirishga qaratilganini va u ochiq tarzda olib borilayotganini ta’kidlaydi.

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ham AQSH bilan muzokaralar bo‘lmaganini va bo‘lmasligini bildirgan. Ularning qayd etishicha, AQSHning bunday bayonotlari psixologik urushning bir qismi bo‘lib, bu sharoitda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi oldingi holatiga qaytmaydi va energiya bozorlarida barqarorlik yuzaga kelmaydi. Korpus Trampning bayonotini «chekinish» deb baholab, bunga Eronning javob zarbalari haqidagi tahdidlari sabab bo‘layotganini ta’kidlamoqda.

Qayd etish joiz, Tramp Eronning elektr stansiyalarini «yo‘q qilib tashlash» bilan tahdid qilganidan so‘ng, Tehron qo‘shni Fors ko‘rfazi davlatlarida joylashgan ehtimoliy qasos nishonlari ro‘yxatini e’lon qildi. Ularning orasida BAAdagi atom elektr stansiyasi ham bor.

Urushning iqtisodiy oqibatlari

Bizneslar va investorlar uchun Yaqin Sharqdagi mojaro tez sur’atda o‘zgarib borayotgani fonida iqtisodiy va bozor xavflarining qanchalik tez va qanchalik katta miqyosda kuchayib ketishi mumkinligi asosiy masaladir.

Urush sharoitida global fond bozorlari keskin tebranib turibdi. Masalan, Tramp AQSHning Eron elektr stansiyalariga qarshi hujumlarini 5 kunga kechiktirganini e’lon qilganidan so‘ng neft narxlari tushdi. Yevropa fond bozorlari, Trampning ijtimoiy tarmoqdagi bayonotidan oldin keskin tushib ketayotgan bo‘lsa-da, 23-mart kuni aksariyat indekslarda o‘sish qayd etildi, chunki investorlar yangilikni ijobiy qabul qildi. AQSH bozorlari esa Uoll-stritda kunning birinchi yarmida 1 foizdan ko‘proq o‘sishni ko‘rsatdi.

Biroq bu vaqtinchalik ko‘rsatkich xolos. Urush qanchalik uzoq davom etsa va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali erkin tranzit qanchalik ko‘p vaqt cheklangan holda qolsa, neft va gaz narxlari shunchalik yuqori darajada saqlanib qoladi. 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng qo‘llangan usullar, masalan, diversifikatsiya va yo‘nalishlarni o‘zgartirish bu safar bozorni tinchlantirish uchun samara bermaydi.

Doimiy yuqori narxlar iste’molchilar va sanoat tarmoqlarini energiya iste’molini qisqartirishga majbur qiladi. Neft-kimyo, o‘g‘itlar, alyuminiy, po‘lat va sement kabi energiyaga katta bog‘liq sanoat tarmoqlari xomashyo va yoqilg‘i narxlari keskin oshishi sabab eng tez bosim ostida qoladi.

Fors ko‘rfazi davlatlari uchun bu oddiy bozor shoki emas, balki strategik va hatto mavjudlik darajasidagi chaqiriq hisoblanadi, chunki eksportdagi uzilishlar, infratuzilma zaifligi va xavfsizlik xarajatlarining oshishi ularning ishonchli energiya yetkazib beruvchi sifatidagi mavqeini zaiflashtiradi.

Dunyoning qolgan qismi uchun esa bu sekinlashgan iqtisodiy o‘sishni anglatadi. Bunday og‘ir iqtisodiy oqibatlardan qochishning yagona yo‘li urushni imkon qadar tezroq tugatishdir.

Teglar

Alibek Beyjanov

Alibek BeyjanovMaqolalar soni: 368

Barchasi

Mavzuga oid