add

Tramp ma’muriyati Venesuela ichki ishlar vazirini ogohlantirdi

07.01.2026 | 14:552 daqiqa

AQSH Venesuelada hokimiyat almashuvi jarayonida tartibni saqlashda yordam bermagan amaldorlarga bosimni kuchaytirmoqda.

Tramp ma’muriyati Venesuela ichki ishlar vazirini ogohlantirdi

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Venesuelaning ichki ishlar vaziri Diosdado Kabelloni ogohlantirdi. «Reuters» agentligiga vaziyatdan xabardor manbalarning ma’lum qilishicha, agar u AQSH talablarini bajarish va Nikolas Maduro ag‘darilgandan keyin jamoat tartibini saqlashda hamkorlik qilmasa, u ehtimoliy nishonlar ro‘yxatining boshida bo‘lishi mumkin.

Manbalarga ko‘ra, Kabello xavfsizlik kuchlari ustidan nazoratga ega bo‘lgan va inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzishda ayblanib kelayotgan amaldorlardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, u Tramp ma’muriyati vaqtinchalik hokimiyat sifatida tayanish mumkin deb hisoblayotgan ayrim Maduro tarafdorlari qatorida tilga olinmoqda.

AQSH rasmiylari Kabelloning repressiv faoliyati va uning vaqtinchalik prezident Delsi Rodriges bilan raqobat munosabatlari sababli vaziyatni izdan chiqarishi mumkinligidan xavotirda. Shu bois, bir tomondan uni hamkorlikka majburlashga urinishlar davom etsa, ikkinchi tomondan uni hokimiyatdan chetlatish va mamlakatdan chiqarish variantlari ham muhokama qilinmoqda.

Manbalarning aytishicha, vositachilar orqali Kabelloga, agar u itoat etmasa, Maduro kabi hibsga olinib, AQSHda «narkoterrorizm» ayblovlari bilan sud qilinishi yoki uning hayoti xavf ostida qolishi mumkinligiga ishora qilingan. Biroq tahlilchilar Kabelloning keskin yo‘q qilinishi hukumat tarafdorlari bo‘lgan «colectivos» kabi mototo‘dalarni ko‘chalarga olib chiqib, keng miqyosli beqarorlikka sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Manbalar ehtimoliy nishonlar ro‘yxatida Venesuela mudofaa vaziri Vladimir Padrino ham borligini ta’kidlagan.

Teglar

Mavzuga oid