add

Tramp Venesuelaga qarshi neft blokadasini e’lon qildi

Kecha 14:353122 daqiqa

AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuelaga neft tashuvchi barcha tankerlarga nisbatan «to‘liq va total» blokada joriy etilishini rasman e’lon qildi.

Tramp Venesuelaga qarshi neft blokadasini e’lon qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuelaga neft olib kirayotgan yoki mamlakatdan neft olib chiqayotgan barcha sanksiya ostidagi tankerlarga nisbatan to‘liq blokada joriy etilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Karib dengizi hududiga Janubiy Amerika tarixidagi «eng katta harbiy armada» joylashtirilgan va u Venesuela hokimiyati AQSHga «o‘g‘irlangan neft, yer va boshqa aktivlarni qaytarmaguncha» kengaytirib boriladi.

Tramp TruthSocial ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro boshchiligidagi hokimiyatni «noqonuniy rejim» deb atab, ushbu neft daromadlari narkoterrorizm, odam savdosi, qotillik va odam o‘g‘irlashni moliyalashtirishga yo‘naltirilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u AQSH Venesuela hokimiyatini rasman «xorijiy terroristik tashkilot» sifatida tan olganini eslatdi.

Oxirgi oylarda AQSH Karib dengizi hududiga harbiy kuchlarini bosqichma-bosqich joylashtirib, Venesuelaga tegishli kemalarga qarshi zarbalar berib kelmoqda. Vashington bu harakatlarni narkotiklar kontrabandasiga qarshi kurash bilan izohlagan. Noyabr oyi o‘rtalariga kelib, mintaqada 15 mingga yaqin amerikalik harbiy xizmatchi joylashgani ma’lum qilingan.

10-dekabr kuni AQSH Venesuela sohillari yaqinida Skipper nomli neft tankerini ushlab qolganini e’lon qildi. The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur kema joriy yil fevral–iyul oylarida Erondan Xitoyga qariyb 2 mln barrel neft tashigan. The Washington Post esa AQSH Venesuela bilan bog‘liq yana bir qator tankerlarni kuzatuv ostiga olganini xabar qildi.

Venesuela hokimiyati mazkur harakatlarni «xalqaro qo‘lbola qaroqchilik» deb atab, Vashingtonning asl maqsadi mamlakatning neft va energiya resurslarini nazorat qilish ekanini bildirdi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyidagi maxfiy muzokaralarda Tramp Maduroga mamlakatni tark etish uchun bir hafta muhlat bergan, ammo Maduro tomonidan ilgari surilgan amnistiya va sanksiyalarni bekor qilish shartlari rad etilgan.

Teglar

Mavzuga oid