add

Tramp Venesuelaga qarshi quruqlikda zarbalarni e’lon qildi

Bugun 13:273922 daqiqa

AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuelada narkotrafikka qarshi kurash doirasida tez orada quruqlikda harbiy zarbalar boshlanishini ma’lum qildi.

Tramp Venesuelaga qarshi quruqlikda zarbalarni e’lon qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp Venesueladagi narkokartellariga qarshi quruqlikda harbiy amaliyotlar boshlanishini e’lon qildi. U bu haqda 1980 yilgi AQSH erkaklar xokkey terma jamoasi a’zolariga medallar topshirish marosimida so‘zlagan nutqida aytdi.

Trampning ta’kidlashicha, AQSH dengiz orqali olib kirilayotgan narkotiklarning 96 foizini to‘xtatishga erishgan. Endi esa asosiy e’tibor quruqlikdagi kanallarga qaratiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar nafaqat Venesuelaga, balki «narkotik olib kirib, odamlarni o‘ldirayotgan barcha yomon guruhlar»ga qaratilgan bo‘ladi.

So‘nggi oylarda AQSH Karib dengizi havzasida harbiy faolligini oshirib, narkotrafikka aloqador, deb hisoblangan kemalarga zarbalar berib kelmoqda. Noyabr oyi oxirida Tramp Venesuela ustida havo hududi yopilganini e’lon qilgan, keyinchalik esa bu qaror to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy zarbalarni anglatmasligini aytgan edi.

Venesuela Tashqi ishlar vazirligi mazkur bayonotlarni BMT nizomiga zid ravishda kuch ishlatish bilan tahdid sifatida baholadi. Shu hafta Tramp Venesuela sohillari yaqinida neft tashuvchi tanker ushlab qolinganini ham ma’lum qildi. Reuters va The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH Venesuela neftini tashayotgan boshqa tankerlarni ham to‘xtatishni rejalashtirmoqda.

Bu harakatlar Vashingtonning Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga bosimni kuchaytirish strategiyasining bir qismi sifatida qaralmoqda.

Tramp avvalroq Maduroning hukmronligi poyoniga yetayotganini aytgan edi. Venesuelada harbiy safarbarlik e’lon qilingan. Maduro AQSHni tinchlikka chaqirmoqda. The Wall Street Journal nashrining ma’lumotiga ko‘ra, oktabr oyi oxirida Tramp Venesuela yetakchisi bilan suhbatda agar Maduro lavozimini o‘z ixtiyori bilan tark etmasa kuch ishlatishga tayyor ekanini bildirgan. Venesuela prezidenti esa 3-4 yildan so‘ng lavozimidan iste’foga chiqishini aytgan, biroq Vashingtonni bu qoniqtirmagan.

Teglar

Mavzuga oid