
Tramp Yevropa va AQSH o‘rtasida sovuq urush boshladi — Axios
Yangilangan AQSH xavfsizlik strategiyasi Yevropaga qaratilgan tanqidlar, migratsiya siyosatiga e’tiroz va ideologik ziddiyatlar orqali Vashington–Brussel munosabatlarini yanada taranglashtirmoqda.

AQSHning yangilangan milliy xavfsizlik strategiyasida Yevropaning ichki ishlariga aralashishga undovchi da’vatlar paydo bo‘ldi. Bu haqda Axios nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, hujjatda YIning migratsiya siyosati tanqid qilingan va Yevropa Ittifoqida demokratik tamoyillar zaiflashayotgani aytilgan.
Ta’kidlanishicha, Yevropa Ittifoqi va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashishiga yana bir sabab Yevropa Ittifoqining X platformasiga 140 million dollar miqdorida jarima solgani bo‘lgan. Yevropa rahbarlari platformani «odamlarni chalg‘itish va dezinformatsiya tarqatish»da ayblagan. AQSH esa buni «Amerikaning texnologik kompaniyalariga va xalqiga qilingan hujum» deb baholagan. AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens jarimani «axlat» deb atab, bu X platformasining YI senzurasini rad etgani uchun qo‘llanilganini aytdi.
Axios'ning yozishicha, Vashington va Brussel o‘rtasida g‘oyaviy ziddiyatlar ham kuchayib boryapti. Bu, ayniqsa, amerikalik siyosatchilarning Yevropa Ittifoqidagi o‘ng partiyalarga, xususan «Germaniya uchun muqobil» partiyasiga bo‘lgan xayrixohligida namoyon bo‘lmoqda.





