add

Turkish Airlines uchinchi chorakda 1,1 mlrd dollar asosiy foyda qayd etdi

Bugun 17:291782

Turkiyaning milliy aviakompaniyasi 2025 yilning III choragida 1,1 mlrd dollarlik asosiy operatsion foydaga erishdi. Yo‘lovchi sonida rekord kuzatildi.

Turkish Airlines uchinchi chorakda 1,1 mlrd dollar asosiy foyda qayd etdi

Turk havo yoʻllari (THY) 2025 yilning uchinchi choragi uchun moliyaviy natijalarini e’lon qildi. Kompaniya bu davrda 1,1 mlrd dollar asosiy foyda qayd etdi. Bu raqam 2024 yilning xuddi shu davriga nisbatan 21,3 foizga kamroq bo‘lsa-da, kompaniyaning barqaror o‘sishini namoyon etmoqda.

Kompaniya uchinchi chorakda 27,2 mln yo‘lovchi tashib, tarixdagi eng yuqori chorak natijasiga erishdi. Yo‘lovchi tashish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 8,2 foizga o‘sdi. Umumiy daromad esa 7 mlrd dollarga yaqinlashdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 4,9 foiz ko‘p.

THY rahbari Ahmet Bo‘latning ta’kidlashicha, bu natijalar kompaniyaning har qanday bozor sharoitiga moslasha olish qobiliyatini namoyon etmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, THY nafaqat foydani, balki uzoq muddatli barqaror muvaffaqiyatni maqsad qilgan.

Kompaniyaning operatsion pul oqimi 2,1 mlrd dollarni tashkil qildi, marja esa 29,6 foiz bo‘ldi. Yil yakunida bu marjaning 22–24 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda.

Kompaniya Air Europa aviakompaniyasida ulush sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu hamkorlik Turkiya bilan Ispaniya o‘rtasida yo‘lovchi va yuk tashishni kuchaytirish hamda Lotin Amerikasida yangi bozorlarga chiqish imkonini yaratadi.

Sentyabr oyi holatiga ko‘ra, THY parkidagi samolyotlar soni 506 taga yetdi. Kompaniya 2033 yilgacha 800 ta samolyotdan iborat flotga ega bo‘lishni maqsad qilgan.

Avvalroq Turkish Airlines o‘z tarixidagi eng yirik Boeing samolyotlari buyurtmasini rasman tasdiqlagani, yangi kelishuv doirasida aviakompaniya 150 tagacha737 MAX, shuningdek, 35 ta 787-9, 15 ta 787-10 va yana 25 ta Dreamliner uchun opsion kelishuviga erishgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid