
Ukraina Donbassdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga rozi bo‘ldi — Politico
Ukraina AQSHga taqdim etgan so‘nggi tinchlik rejasida Donbassdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish va hududda «erkin iqtisodiy zona» tashkil etishni taklif qildi.

Ukraina AQSHga taqdim etgan so‘nggi tinchlik rejasi Donbass hududidan ukrain va rus qo‘shinlarini olib chiqish hamda u yerda «erkin iqtisodiy zona» tashkil etishni nazarda tutadi. Bu haqda Politico nashri muzokaralardan xabardor manbalarga tayanib xabar qildi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt 11-dekabr kuni prezident Donald Tramp Ukraina tomonidan taqdim etilgan hujjat bilan tanishganini tasdiqladi. Manbalarga ko‘ra, mazkur reja 12-dekabr kuni AQSH, Ukraina, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya ishtirokida muhokama qilinishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Politico suhbatdoshlari Rossiya tomoni «demilitarizatsiya qilingan Donbassda erkin iqtisodiy zona» yaratish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashiga shubha bilan qaramoqda. Ularga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Ukrainani mojaroda zaif tomon sifatida baholamoqda. Ayniqsa, yaqinda yuzaga kelgan korrupsiya bilan bog‘liq mojaro Oq uy tomonidan Kiyevga bosim o‘tkazish vositasi sifatida qo‘llanilmoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa bir necha bor urushni to‘xtatish sharti sifatida Ukraina qo‘shinlarining Donbassdan chiqarilishini talab qilgan. U Donbassni «tarixan Rossiya hududi» deb atab, uni har qanday yo‘l bilan qaytarish mumkinligini ta’kidlagan.
11-dekabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy erkin iqtisodiy zona tashkil etish tashabbusi AQSH tomonidan ilgari surilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, taklifga binoan Ukraina qo‘shinlari Donbassning hali ishg‘ol qilinmagan hududlarini tark etadi, Rossiya qo‘shinlari esa u yerga kirmaydi. Biroq mazkur hududni kim boshqarishi masalasi ochiq qolmoqda.
Zelenskiy shuningdek, har qanday hududiy yon berish masalasi faqat referendum orqali hal qilinishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bilan birga, muzokaralarda Xarkiv, Sumi va Dnepropetrovsk oblastlarining ishg‘ol ostidagi ayrim hududlaridan Rossiya qo‘shinlarini olib chiqish masalasi ham muhokama qilinmoqda. Zaporijjya AES bo‘yicha esa AQSH uni qo‘shma boshqarish variantlarini ko‘rib chiqishni taklif etgan.





