Ukraina Ozarboyjon bilan birga qurol ishlab chiqaradi

Bugun 19:452 daqiqa

Ilhom Aliyev va Volodimir Zelenskiyning Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida turli sohalarga oid oltita hujjat imzoladi.

Ukraina Ozarboyjon bilan birga qurol ishlab chiqaradi © Ozarbayjon prezidenti matbuot xizmati

Boku Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi, deya bayonot berdi Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ukrainalik mavqedoshi Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida.

«Ozarboyjon va Ukraina o‘z davlatlarining suvereniteti va hududiy yaxlitligini barcha xalqaro tashkilotlarda qo‘llab-quvvatlagan va qo‘llab-quvvatlashda davom etadi», – dedi Aliyev.

Shuningdek, u Zelenskiy bilan «harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha fikr almashilgani»ni va bu yo‘nalishda katta istiqbollar mavjudligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har ikki mamlakatda harbiy-sanoat kompleksi rivojlanmoqda va ushbu sohada qo‘shma ukrain-ozarboyjon ishlab chiqarish uchun «katta imkoniyatlar» bor.

Volodimir Zelenskiy esa «Telegram» sahifasida «bugun Ukraina va Ozarbayjon turli sohalarda oltita hujjat imzolaganini» ma’lum qildi.

«Asosiysi – mudofaa-sanoat kompleksi. Biz hamkorligimizni rivojlantiramiz va uni chuqurlashtiramiz», – dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qurol-yarog‘ ishlab chiqarish «xalqlarimizga barqarorlik olib kelishi» va ehtimoliy agressorlar uchun tiyib turuvchi omilga aylanishi mumkin. Liderlar energetika va gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni ham muhokama qildi.

Ozarboyjonda muzokara o‘tkazish taklifi

Zelenskiy, shuningdek, Kiyev AQSH–Ukraina–Rossiya formatdagi navbatdagi uch tomonlama tinchlik muzokaralarini Ozarbayjonda o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi, agar Rossiya ham «diplomatiyani tanlasa».

«Ukraina uchun Rossiyaning bu adolatsiz urushni yakunlashga kuch topishi juda muhim. Albatta, biz hamkorlarimizning vositachilikdagi rolini yuqori baholaymiz… Biz uch tomonlama muzokaralarga tayyormiz. Bunday muzokaralar Turkiyada bo‘lgan. Shuningdek, amerikalik hamkorlarimiz bilan Shveysariyada ham o‘tkazilgan», – dedi Zelenskiy.

Ikki davlat rahbarining uchrashuvi shanba kuni Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar energetika, agrar sektor va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya faoliyatini kengaytirish masalalarini ham muhokama qildi.

Teglar

Mavzuga oid

Ukraina Ozarboyjon bilan birga qurol ishlab chiqaradi | Vaqt.uz