add

Uzbekistan Airports'ga o‘rtacha ESG reytingi berildi

Bugun 12:352592 daqiqa

Xalqaro reyting kompaniyada boshqaruv shakllanganini, ammo ekologik va ijtimoiy kamchiliklar saqlanib qolganini ko‘rsatmoqda

Uzbekistan Airports'ga o‘rtacha ESG reytingi berildi

«Sustainable Fitch» xalqaro reyting agentligi Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatiga 48 ball bilan 3-darajali ESG reytingini berdi. Agentlik bahosiga ko‘ra, kompaniyada barqarorlik bo‘yicha asosiy boshqaruv tuzilmalari mavjud, biroq ekologik va ijtimoiy amaliyotlar hali yetarli darajada rivojlanmagan.

Uzbekistan Airports O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi infratuzilmasini boshqaruvchi asosiy operator hisoblanadi. Kompaniya 11 ta xalqaro va oltita ichki aeroportni, shuningdek, yerda xizmat ko‘rsatish, yuk tashish va o‘quv faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sho‘ba korxonalarni nazorat qiladi. U to‘liq davlat mulki bo‘lib, Iqtisodiyot va Moliya vazirligi orqali boshqariladi.

Sustainable Fitch shkalasida «3» — o‘rtacha daraja hisoblanadi. Bu kompaniyada ESG bo‘yicha boshlang‘ich va institutsional asoslar mavjud, lekin ekologik va ijtimoiy amaliyotlar hali yetarlicha chuqur emasligini anglatadi. Ya’ni gap ilg‘or standartlar haqida emas, balki minimal talablarga yaqinlashish haqida ketmoqda.

Agentlik ekologik qismda 2050 yilga qadar Net Zero maqsadini ijobiy baholagan. Biroq asosiy muammo — oraliq maqsadlar yo‘qligi. 2030 yoki 2040 yil uchun aniq ko‘rsatkichlar belgilanmagan, uchinchi toifadagi chiqindilar bo‘yicha ochiq hisobot yo‘q. Bu esa uzoq muddatli va nazorat qilinadigan strategiya mavjud emasligini ko‘rsatadi.

Ijtimoiy sohada mehnat xavfsizligi va kadrlar barqarorligi qayd etilgan bo‘lsa-da, rahbariyatda ayollar ulushining pastligi, ta’minot zanjiri bo‘yicha aniq ijtimoiy majburiyatlarning yo‘qligi reytingni cheklagan omil sifatida ko‘rsatilgan. Bu xalqaro ESG investorlari uchun sezilarli kamchilik hisoblanadi.

Korporativ boshqaruv qismi nisbatan kuchli baholangan, ammo bu yerda ham kengash mustaqilligining cheklangani va moliyaviy hisobot bo‘yicha shartli audit xulosasi mavjudligi alohida ta’kidlangan. Bu esa shaffoflik masalasida hali hal etilmagan savollar borligini ko‘rsatadi.

Xulosa qilib aytganda, berilgan ESG reytingi Uzbekistan Airports'ni ilg‘or kompaniyalar qatoriga qo‘shmaydi. U xalqaro standartlar bilan ish boshlanganini, ammo ekologik va ijtimoiy sohada aniq maqsadlar, shaffof hisobot va chuqur islohotlar hali oldinda ekanini ko‘rsatadi.

Shuningdek, Uzbekistan Airports ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2026 yil boshida «Airport Carbon Accreditation» dasturining 1-darajasini sakkizta aeroport uchun va 2-darajasini Toshkent xalqaro aeroporti uchun olishni rejalashtirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid