
Venesuela vitse-prezidenti yangi rahbar sifatida ish boshladi
AQSH harbiy operatsiyasidan so‘ng Venesuelada hokimiyat vakuumini oldini olish maqsadida vitse-prezident Delsi Rodriges mamlakatning vaqtincha rahbari etib tayinlandi. U darhol Nikolmas Maduroni ozod qilishni talab qildi.

Venesuelada prezident vakolatlarini vaqtincha bajaruvchi etib mamlakat vitse-prezidenti Delsi Rodriges tayinlandi. Bu qaror AQSH harbiy amaliyoti ortidan amalga oshirildi. Amaliyot davomida amaldagi prezident Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores qo‘lga olinib, AQSHga olib ketilgan.
Qaror Venesuela Oliy adliya tribunalining Konstitutsiya palatasi tomonidan qabul qilinganini «Telesur» telekanali xabar qildi. Sud bu qarorni mamlakatda ma’muriy vorislikni saqlash va davlat mudofaasini ta’minlashga qaratilgan «shoshilinch va preventiv himoya chorasi» deb atadi.
Konstitutsiya palatasi ta’kidlashicha, Venesuela asosiy qonunlarda ko‘zda tutilmagan favqulodda va fors-major sharoitlarga duch kelgan. Shu sababli davlat boshqaruvida uzilish bo‘lmasligi uchun maxsus huquqiy mexanizm ishga tushirilgan.
Vaqtincha davlat rahbari etib tayinlangan Delsi Rodriges darhol Nikolas Maduro va uning rafiqasini ozod qilishni talab qildi. Shuningdek, u Venesuela «endi hech qachon biror davlatning mustamlakassigaaylanmasligi»ni ta’kidladi.
Bu orada AQSH Oq uyi rasmiylari Nikolas Maduro Manhetten orolidagi tergov izolyatoriga yetkazilganini ma’lum qildi. Ilgariroq AQSH Bosh prokurori Pem Bondi Maduroga nisbatan narkotiklar kontrabandasi va qurollarni noqonuniy aylanmasi bo‘yicha bir necha jinoiy moddalar qo‘yilganini bildirgan edi.

Keyinroq AQSH Adliya vazirligi ayblov xulosasini e’lon qildi. Unda Nikolas Maduro va uning rafiqasi bilan bir qatorda, Venesuela prezidentining o‘g‘li Nikolas Ernesto, sobiq tashqi ishlar vaziri Ramon Rodriges Chasin, ichki ishlar va adliya vaziri Diosdado Kabelyo hamda «Tren de Aragua» kartelining rahbari sifatida ko‘rilayotgan Hektor Gerrero nomi ham tilga olingan.
Ayblov matnida Nikolas Maduro Venesuelaning sobiq prezidenti va «noqonuniy hukmdori» sifatida ta’riflangan. Donald Tramp esa ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlaridan birida Maduroni Venesuela rahbari emas, balki mamlakatda faoliyat yuritayotgan narkokartellardan birining boshlig‘i deb atadi.





