Vens Eronga qarshi kuch ishlatish haqda so‘z ochgach, neft 5 foizga qimmatladi
«The Wall Street Journal» Eron muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugasa, urushga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida yozdi. AQSH vitse-prezidenti esa Eron yon berishni istamayotganini aytdi.

18-fevral kungi savdolarda neft narxlari qariyb 5 foizga oshdi. Bunga AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vensning Eronning yadroviy muzokaralardagi pozitsiyasidan norozi ekanini bildirishi sabab bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH harbiy kuch qo‘llash huquqini o‘zida saqlab qoladi.
«Brent» markali neft savdo jarayonida barreli uchun 3 dollardan ortiq, ya’ni 4,7 foizga o‘sib, 70,58 dollarga yetdi. AQSHning «WTI» nefti esa 5 foizga qimmatlashib, barreli 65,45 dollar bo‘ldi.
Vens 17-fevral kuni Jenevada ikki davlat delegatsiyalari uchrashuvidan so‘ng «Fox News» telekanaliga bergan intervyusida Eron AQSHning asosiy talablarini inkor etayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, AQSH prezidenti Donald Tramp aniq «qizil chiziqlar» belgilagan, ammo eronliklar ularni «haqiqatan ham tan olish va ustida ishlashni» istamayapti.
«Agar diplomatik yo‘l bilan Eron yadroviy dasturini to‘xtatishning iloji bo‘lmasa, Tramp kuch ishlatish huquqini o‘zida saqlab qoladi», deya qo‘shimcha qildi Vens.
Shu bilan birga, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Jenevadagi muhokamalarni «konstruktiv» deb atab, tomonlar asosiy tamoyillar bo‘yicha kelishuvga erishganini bildirdi.
«Shu fon arafasida neft kotirovkalari aksincha pasaygan edi, chunki bozor kelishuv ehtimolini ko‘rgan», deb yozadi «CNBC».
Urush bo‘ladimi?
«Axios» manbalariga ko‘ra, ehtimoliy AQSH harbiy kampaniyasi keng ko‘lamli bo‘lib, bir necha hafta davom etishi va qisqa muddatli operatsiyadan ko‘ra to‘laqonli urushga o‘xshash bo‘lishi mumkin.
Mintaqada AQSHning «USS Abraham Lincoln» avianosetsi joylashgan. Shuningdek, Donald Tramp Yaqin Sharqqa yana bir avianosets – «USS Gerald Ford»ni ham yo‘llagani haqida 13-fevral kuni CNN va NBC News xabar bergan edi. AQSH prezidenti muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugasa, ikkinchi kema kerak bo‘lishini aytgan edi.
«Eron rahbariyati AQSH bilan yadroviy kelishuvga erishishga umid qilmoqda, biroq muzokaralar barbod bo‘lsa, ehtimoliy urushga tayyorgarlikni ham jadallashtirmoqda», deb yozadi «The Wall Street Journal».
Xususan, hukumat kuchlarni safarbar etmoqda, qaror qabul qilish vakolatlarini tarqatmoqda, yadroviy obyektlarni mustahkamlamoqda va mamlakat ichida muxolifatga qarshi bosimni kuchaytirmoqda.
«The Wall Street Journal» ma’lumotiga ko‘ra, «Geneva Graduate Institute» tahlilchisi Farzan Sabet Eron 1988 yilda Iroq bilan sakkiz yillik urush tugaganidan buyon «eng jiddiy harbiy tahdid»ga duch kelganini aytgan.
Muzokaralar davrida qo‘shimcha taranglikka Eron qurolli kuchlarining Hormuz bo‘g‘ozidagi mashg‘ulotlari sabab bo‘ldi. CNBC «Kpler» bahosiga tayanib yozishicha, mazkur yo‘lak orqali jahon dengiz neft eksportining qariyb uchdan bir qismi o‘tadi. Biroq «Kpler» tahlilchisi Mett Smit kompaniya kemalar harakati mashg‘ulotlar sabab to‘xtatilganini qayd etmaganini aytdi.





