«Wildberries» ikkita taksi servisi hamda logistika kompaniyasini sotib oldi

Bugun 10:552 daqiqa

Kompaniya «Sitimobil», «Taksovichkof» taksi agregatorlarini va «Gruzovichkof» logistika kompaniyasini sotib oldi. Manbalarga ko‘ra, bitim narxi 3 mrld rubldan 8 mlrd rublgacha baholanmoqda.

«Wildberries» ikkita taksi servisi hamda logistika kompaniyasini sotib oldi

Wildberries «Sitimobil», «Taksovichkof» va «Gruzovichkof» servislarini sotib oldi. Bu haqda RBK nashri xabar qildi. Bitim summasi oshkor etilmagan bo‘lsa-da, manbalarga ko‘ra, u 3 mlrd rubldan 8 mlrd rublgacha baholanmoqda.

Kompaniya vakillari ushbu xaridni transport logistika xizmatlarini rivojlantirish strategiyasining bir qismi sifatida izohlamoqda. Mazkur kelishuv orqali «Wildberries» 100 dan ortiq shaharlar, jumladan Sibir va Uzoq Sharq kabi hududlarda tovar yetkazib berish tezligini oshirishni rejalashtirmoqda.

«Sitimobil», «Taksovichkof» haqida

«Sitimobil» 2007 yilda Oganes Arakelyan va Vladislav Abramyan tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, avval an’anaviy taksi operatori sifatida ish boshlagan. 2010 yildan esa mobil ilovasini ishga tushirgan. 2018 yilda servisga VK (avvalgi Mail.ru Group) va Megafon investitsiya kiritgan. Keyinchalik u «Sberbank» bilan birga tashkil etilgan «O2O Xolding» tarkibiga kirgan.

2022 yil mart oyida kompaniya zararlar sabab faoliyatini to‘xtatganini e’lon qilgandi. Biroq keyinchalik uni «People & People» sotib oldi. Shu bilan birga ushbu investitsiya kompaniyasi «Gruzovichkof» va «Taksovichkof»ga ham egalik qilar edi.

Taksi bozoriga kirish

«Wildberries» so‘nggi yillarda taksi bozorida faollik ko‘rsatmoqda. 2025 yil iyul oyida Belarusda «WB Taxi» xizmati ishga tushirilgan bo‘lsa, noyabr oyi oxirida Toshkent shahrida ham faoliyati boshlangan.

Toshkentda xizmat dastlab yopiq rejimda ishlab, faqat cheklangan foydalanuvchilar uchun ochiq bo‘lgan. Keyinchalik, 2026 yil mart oyiga kelib, barcha uchun ochiq formatga o‘tkazildi.

Mijozlarni jalb qilish maqsadida kompaniya yo‘l haqining yarmini keshbek sifatida qaytarish amaliyotini joriy qildi. Ushbu rag‘batlantirish chorasi hozirgacha saqlanib qolmoqda.

Shuningdek, kompaniya boshqaruvini kuchaytirish maqsadida Timur Aliyevni jalb qildi. U avval Yandex Go taksi xizmati rahbari sifatida faoliyat yuritgan.

2026 yil mart oyi oxirida «WB Taxi» xizmati Qirg‘izistonda ham yopiq rejimda ishga tushirilgani ma’lum bo‘lgan edi. Yangi xaridlar kompaniyaga Rossiya bozorida ham tez orada faoliyatni kengaytirish imkonini berishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning oktabr oyida Wildberries «O‘zbekiston pochtasi»ni sotib olayotganini haqida xabarlar tarqalgan edi.

Teglar

Mavzuga oid