Logo

«Xalq banki»ning beshta BXM binosi 15,1 mlrd so‘mga sotildi

Bugun 15:153 daqiqa

Binolar 18–60 oyga foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan sotildi. Ular Xorazm, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida joylashgan.

«Xalq banki»ning beshta BXM binosi 15,1 mlrd so‘mga sotildi

«Xalq banki»ga tegishli Xorazm, Sirdaryo va Samarqand viloyatlaridagi beshta bank xizmatlari markazi binosi auksionda sotildi. Savdolar 3–7-avgust kunlari o‘tkazilgan.

Obyektlarning umumiy boshlang‘ich qiymati 14,4 mlrd so‘m edi. Yakuniy narx esa 15,1 mlrd so‘mni tashkil qildi. Natijada binolar boshlang‘ich qiymatidan 719,1 mln so‘m yoki 5 foiz qimmatga sotilgan.

Eng qimmat obyekt — Sirdaryo tumanidagi BXM binosi 5,13 mlrd so‘mga «RRA Avtoritet» MCHJga sotildi. Uning boshlang‘ich narxi 4,89 mlrd so‘m edi.

Ikki qavatli binoning umumiy maydoni 1 126,2 kvadrat metr, yer maydoni esa 0,25 gektarni tashkil qiladi. Xarid qiymatini 36 oy davomida bo‘lib to‘lash mumkin.

Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanidagi BXM 3,42 mlrd so‘mga sotildi. Xaridor sifatida Hamdambek Xudoyberganov ko‘rsatilgan.

2

«Oqtepa» mahallasida joylashgan ikki qavatli binoning maydoni 913,3 kvadrat metr. To‘lov muddati 18 oy etib belgilangan.

Yangibozor tumanidagi BXM binosi uchun «Brilliant Food Market Shop» MCHJ 3,1 mlrd so‘m taklif qilgan. Bu beshta obyekt orasida maydoni eng kattasi — 1 325,3 kvadrat metr.

3

Bino 0,22 gektar yerda joylashgan va 15 ta xonadan iborat. To‘lovni 18 oyga bo‘lib amalga oshirish mumkin.

Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidagi BXM 2,5 mlrd so‘mga Ibrohim Ҳошимовga sotildi. «Loyish» mahallasidagi binoning umumiy maydoni 605,6 kvadrat metrni tashkil qiladi.

4

Bu obyekt bo‘yicha ham qolgan to‘lovni 18 oy davomida foizsiz to‘lashga ruxsat berilgan.

Beshta obyekt ichida eng arzoni Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi BXM bo‘ldi. Bino 940,6 mln so‘mga Jahongir Do‘sanovga sotilgan.

Uning maydoni 382 kvadrat metr. Xarid qiymatining qolgan qismini 60 oyga bo‘lib to‘lash mumkin.

5

Beshta binoning umumiy maydoni 4,35 ming kvadrat metr, ularga tegishli yer maydoni esa 0,81 gektarni tashkil qiladi.

Savdo shartlariga ko‘ra, xaridorlar qiymatning kamida 25 foizini oldi-sotdi shartnomasi tuzilgandan keyin 10 kun ichida to‘lashi kerak.

Qolgan 75 foiz obyektga qarab 18, 36 yoki 60 oy davomida ustama foizsiz undiriladi. Mulk huquqi xarid qiymati to‘liq to‘langanidan keyingina xaridor nomiga rasmiylashtiriladi.

Portalda Guliston BXM g‘olibi obyekt qiymatini to‘lagani va shartnoma imzolanishini kutayotgani ko‘rsatilgan. Yangibozor loti ishtirokchi roziligini kutish bosqichida. Qolgan uchta lot bo‘yicha esa auksion yakunlangan.

Lot hujjatlarida binolarni sotish bo‘yicha bank boshqaruvi va kuzatuv kengashi qarorlari keltirilgan. Biroq BXMlar nima sababdan sotilayotgani hamda bank xizmatlari shu hududlarda boshqa manzilga ko‘chiriladimi yoki qisqartiriladimi — bunga izoh berilmagan.

Banklarda filiallar soni qisqarib, BXMlar ko‘paymoqda

«Xalq banki» ayrim BXM binolarini sotgan bir paytda, O‘zbekiston banklarida bunday markazlar soni ko‘payib bormoqda.

2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakat banklariga tegishli BXMlar soni 1 729 tani tashkil qilgan. Bu 2024-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich.

BXMlar soni ma’lum bir davrda kamayib borayotgan edi. Biroq o‘tgan yilning ikkinchi yarmidan boshlab ularning soni yana sekinlik bilan o‘sa boshlagan.

BXMlar banklar uchun filiallarga nisbatan arzonroq format hisoblanadi. Ularda sanoqli xodim ishlaydi va bu bankdan kamroq xarajat talab qiladi.

Aksincha, bank filiallari soni keskin kamaygan. 2023-yilning boshida O‘zbekiston bo‘ylab banklarning 832 ta filiali mavjud edi. Hozirga kelib ularning soni 288 tagacha qisqargan.

Bu davrda banklarning 24/7 shoxobchalari soni sezilarli darajada ko‘paygan. 2023-yil boshidan beri ularning soni qariyb uch barobar oshib, 5 615 taga yetgan.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 263

Barchasi

Mavzuga oid