
Xitoy G7 davlatlari ayblovini rad etdi
Mamlakat tashqi ishlar vaziri G7 vazirlarining xulosalarini «XXRning ichki ishlariga aralashish» deb baholadi va ularning «faktlarni e’tiborsiz qoldirib, haqiqatni buzib ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Xitoy Ukrainadagi urush tomonlariga hech qachon qurol yetkazib bermaganini aytib, G7’ning Rossiyani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi ayblovlarini rad etdi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi G7 davlatlari tashqi ishlar vazirlarining bayonotidan so‘ng qattiq tanqid bilan chiqdi. U Pekin Ukrainadagi urushning hech bir tomoniga hech qachon qurol yetkazib bermaganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Xitoy G7’ning mojaroning rivojlanishida mamlakatni ayblash urinishlariga toqat qilmasligini bildirdi. Bu bayonotni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Lin Szyan e’lon qildi.
G7 tashqi ishlar vazirlari ilgari Rossiyaga Ukrainada urush olib borishda yordam berayotgan davlatlarga bosimni kuchaytirish zarurligini qo‘llab-quvvatlagandi.
Hujjatda ular KXDR va Eronning Moskvaga harbiy yordam ko‘rsatishini qoralagan. Shuningdek, unda Xitoydan qurol-yarog‘ va ikki maqsadli mahsulotlar yetkazib berilayotgani ko‘rsatilgan. G7 fikriga ko‘ra, Pekin urushning davom etishiga ko‘maklashayotgan «hal qiluvchi omil» hisoblanadi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi hujjat yana faktlarni e’tiborsiz qoldirayotganini ma’lum qildi. Pekinning ta’kidlashicha, u haqiqat va yolg‘onni buzib ko‘rsatmoqda. Xitoy tomoni, shuningdek, hujjat Xitoyni ataylab obro‘sizlantirishi va mamlakatning ichki ishlariga qo‘pollik bilan aralashayotganini aytdi.
Xitoy rahbari Si Jinpinning AQSH prezidenti Donald Tramp bilan yaqinda o‘tkazilgan uchrashuvida Ukrainadagi vaziyat muhokama qilingandi. Trampning aytishicha, Xitoy va AQSH urushni to‘xtatish uchun birgalikda harakat qilmoqda. Shu bilan birga, u mojaro dinamikasini sharhlayotib, «ba’zida ularga jang qilishlariga imkon berish kerakligini» ta’kidladi.
Shuningdek, Donald Tramp Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini yakunlay olishini da’vo qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva Qo‘shma Shtatlar bilan «biznesda hamkorlik qilishni» xohlaydi.





