
Xitoy narxi qimmatligi tufayli Rossiya elektridan voz kechdi
2026 yil boshidan Xitoy Rossiyadan elektr energiyasi importni to‘xtatdi — chunki eksport narxi Xitoy ichki bozoridan qimmatlashdi.
© Foto: Rambler 2026 yil boshidan buyon Xitoy Rossiyadan elektr energiyasi xaridini to‘liq to‘xtatdi va hatto shartnomada ko‘zda tutilgan minimal hajm — taxminan 12 MWni ham olmayapti. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalar ma’lum qildi. Ularga ko‘ra, joriy yil davomida eksport tiklanishi ehtimoli past, chunki yanvar oyidan Rossiya tomonidan taklif etilayotgan eksport narxi Xitoydagi ichki tariflardan yuqori bo‘lib qoldi, deb yozmoqda «Kommersant» nashri.
Rossiyadan Xitoyga elektr energiyasi yetkazib berishni Inter RAO amalga oshirib kelgan. Kompaniya Xitoyga Asosan Uzoq Sharq hududidagi ortiqcha elektr quvvatlarini eksport qilar edi. Shartnoma 2012 yilda Xitoyning Davlat elektr tarmoqlari korporatsiyasi bilan tuzilgan bo‘lib, 2037 yilgacha amal qiladi. Unga ko‘ra, umumiy hisobda 100 mlrd kWh elektr energiyasi yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Biroq narxlar muvozanati buzildi. Ayni paytda Xitoyda elektr energiyasining o‘rtacha narxi 1 MWh uchun 350 yuanni, ya’ni taxminan 3,9 ming rublni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, Rossiyaning Uzoq Sharq hududida yakka stavkali narx yanvar yakunida 4,3 ming rublgacha ko‘tarildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yil boshiga nisbatan 42 foizga yuqori.
«Inter RAO» eksport shartnomasi rasman amal qilayotganini ta’kidlab, uni bekor qilish rejalashtirilmayotganini bildirdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Uzoq Sharq energotizimida ichki iste’mol tez sur’atlarda o‘smoqda va generatsiya taqchilligi yuzaga kelgan. Shu omil eksport imkoniyatlarini qisqartirgan.
Rossiya Energetika vazirligi esa, Xitoy tomonidan rasmiy so‘rov bo‘lsa va o‘zaro manfaatli shartlar kelishilsa, eksport qayta tiklanishi mumkinligini bildirdi. Kept tahlilchisi Sergey Rojenkoning ta’kidlashicha, Xitoy energotizimi quvvati Uzoq Sharqnikidan qariyb 100 baravar katta, shu sabab kichik hajmdagi import Xitoy uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega emas.





