Logo

Xitoyliklar Qoraqalpog‘istondagi «Urusoy» konida 4 tonna oltin zaxirasini aniqladi

Bugun 15:081 daqiqa

Prezident yig‘ilishida ta’kidlanishicha, Qoraqalpog‘iston hududining atigi 20 foizida geologiya ishlari o‘tkazilgan.

Xitoyliklar Qoraqalpog‘istondagi «Urusoy» konida 4 tonna oltin zaxirasini aniqladi

Xitoylik investor Qorao‘zakdagi «Urusoy» koniga 33 million dollar sarmoya va texnologiya olib kirib, 200 gektarda 4 tonna oltin zaxirasini aniqladi. Bu haqda Nukus shahrida prezident boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston hududining atigi 20 foizida geologiya ishlari o‘tkazilgan. Shu sababli yirik investorlar kelayotgan bir paytda xomashyo zaxiralari bo‘yicha ma’lumotlar yetarli emas.

Yig‘ilishda investorlar ko‘targan masalalarni bir oyda hal qilish, 1 ming ish o‘rniga ega oltin qazib olish va qayta ishlash klasteri tashkil etish topshirildi. Kompleks geologiya-qidiruv dasturini ishlab chiqish va konlar zaxiralarini qayta baholash vazifasi ham qo‘yildi.

Yangi zaxiralar

Qo‘ng‘irotdagi «Borsa kelmas» konidan har yili 1 million tonna texnik tuz qayta ishlanmasdan sotilayotgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, Bo‘zatovdagi «Kuskanatau» konida mirabilitni qayta ishlab, yiliga 45 ming tonna natriy sulfat, astraxanitdan esa magniy sulfat olish mumkinligi aytildi.

Beruniydagi kvarsit koniga Germaniya kompaniyasi 30 million dollar kiritib, kristall kremniy ishlab chiqarish va yiliga 25 million dollarlik eksportni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.

Ta’kidlanishicha, jahon bozorida bir tonna kristall kremniy 5,5 ming dollar turadi.

Yig‘ilishda kimyo sanoati mutasaddilariga dastlabki 400 million dollarlik rejaga qo‘shimcha 200 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish va 5 ming ish o‘rni yaratish vazifasi topshirildi.

Teglar

Mavzuga oid

Xitoyliklar Qoraqalpog‘istondagi «Urusoy» konida 4 tonna oltin zaxirasini aniqladi | Vaqt.uz