Xorazmda 4-sinf o‘quvchisiga mashina berildi
Prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida qo‘shiq kuylagan xorazmlik 4-sinf o‘quvchisiga elektromobil sovg‘a qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni «Ko‘ksaroy» qarorgohida yoshlar bilan uchrashuv chog‘ida qo‘shiq kuylagan 4-sinf o‘quvchisiga avtomobil berildi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimligi xabar berdi.

Uchrashuvda Xorazm viloyati Urganch tumanidagi 11-son bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Otamurod Rayimboyev Komiljon Otaniyozov repertuaridan qo‘shiqni jonli ijroda kuylagandi.

Prezident ijroni yuqori baholab, mas’ullarga o‘quvchini rag‘batlantirish maqsadida avtomobil ajratish bo‘yicha topshiriq bergan edi.


Sovg‘a qilingan BYD Chazor avtomobili viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov tomonidan Otamurod Rayimboyevga uning oila a’zolari va ustozlari ishtirokida topshirildi.





