add

Xorijdagi ish o‘rinlari ochiq tanlov orqali taqsimlanadi

Kecha 22:252 daqiqa

Xorijdagi ish o‘rinlarini taqsimlashda shaffoflikni oshirib, raqobat va elektron nazorat mexanizmlarini joriy etaishga qaratilgan hujjat loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Xorijdagi ish o‘rinlari ochiq tanlov orqali taqsimlanadi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi xorijiy ish beruvchilar va rekruting agentliklaridan jalb qilingan bo‘sh ish o‘rinlarini litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari o‘rtasida ochiq tanlov asosida taqsimlashni nazarda tutuvchi yangi tartib loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat loyihasi xorijda ishlash imkoniyatlarini markazlashgan va raqamlashtirilgan usulda boshqarishga qaratilgan.

Ushbu loyihaga ko‘ra, xorijdan kelib tushgan ish o‘rinlari elektron oferta shaklida Xorijdaish.uz platformasida e’lon qilinadi. Barcha litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklarining shaxsiy kabinetlariga avtomatik xabarnoma yuboriladi. Ofertada ish beruvchi haqidagi ma’lumotlar, kasb nomi, kvota soni, ish haqi, ish sharoiti, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar hamda ariza topshirish muddatlari aks ettiriladi.

XBAlar tanlovda ishtirok etish uchun rozilik arizasini faqat elektron shaklda yuborishi va uni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlashi shart bo‘ladi. Arizalar Agentlik huzuridagi doimiy faoliyat yurituvchi ishchi komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi. Komissiya 3 ish kuni ichida hujjatlarni tahlil qilib, ishtirokga ruxsat berish, qo‘shimcha ma’lumot so‘rash yoki rad etish bo‘yicha xulosa chiqaradi.

Kvotalarni taqsimlash mexanizmiga alohida e’tibor qaratilgan. Avvalo, ishtirok etishiga ruxsat berilgan barcha agentliklarga kvotalar teng asosda taqsimlanadi. Agar qoldiq kvotalar saqlanib qolsa, ular shartnoma majburiyatlarini o‘z vaqtida va sifatli bajargan agentliklarga ustuvorlik berilgan holda ajratiladi. Ayrim istisno holatlarda esa kvotalar arizalar platformga kelib tushgan vaqtiga qarab taqsimlanishi mumkin.

Kvota ajratilgandan so‘ng Agentlik va XBA o‘rtasida 5 ish kuni ichida elektron shartnoma tuzilishi lozim. Majburiyatlar bajarilishi to‘liq elektron nazoratda bo‘lib, amalga oshirish holati real vaqt rejimida platformda aks etib boradi. Talablarni buzgan agentliklar ogohlantiriladi yoki keyingi kvota taqsimotlarida vaqtincha ishtirok etmasligi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid