Logo

Xususiy ta’lim sohasida sertifikatlash va yagona qoidalarni joriy etish taklif qilindi

Bugun 10:572 daqiqa

Ta’lim xizmatlari sohasida kelib tushayotgan murojaatlarning qariyb 96 foizi xususiy ta’lim muassasalari faoliyatiga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bois Raqobat qo‘mitasi sohani tartibga solish bo‘yicha takliflarini vakolatli organlarga yubordi.

Xususiy ta’lim sohasida sertifikatlash va yagona qoidalarni joriy etish taklif qilindi © uza

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi nodavlat ta’lim xizmatlari bozoridagi muammolarni bartaraf etish hamda iste’molchilar huquqlarini kuchaytirish bo‘yicha vakolatli davlat organlariga takliflar kiritdi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi uch yilda kelib tushgan 103,5 mingta murojaatning 2070 tasi ta’lim sohasiga oid bo‘lgan. Ularning qariyb 96 foizi nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan bog‘liq.

Ko‘rib chiqilgan murojaatlar natijasida iste’molchilar foydasiga qariyb 1 milliard so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinib berilgan. Fuqarolar asosan ta’lim sifati pastligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirilishi, shartnoma shartlari va mablag‘ni qaytarish tartibi haqida yetarli ma’lumot berilmasligi, muddatli to‘lov shartnomalarini bekor qilishdagi muammolar hamda reklamadagi va’dalar bajarilmasligidan shikoyat qilgan.

Xorij tajribasi asosida

Qo‘mita ta’kidlashicha, amaldagi qonunchilikda ta’lim sifati ustidan davlat nazorati nazarda tutilgan bo‘lsa-da, nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishning aniq mexanizmlari va pulli ta’lim xizmatlari uchun yagona qoidalar mavjud emas.

Shu munosabat bilan Fransiyadagi «Qualiopi», Niderlandiyadagi «NRTO» va Shveysariyadagi «EduQua» tizimlari o‘rganilgan. Ushbu mamlakatlarda xususiy ta’lim tashkilotlari maxsus auditdan o‘tib, sertifikatlanadi.

Qo‘mita ushbu tajriba asosida O‘zbekistonda ham xususiy ta’lim bozorida xizmatlar sifatini oshirish va iste’molchilar huquqlarini yaxshiroq himoya qilish mexanizmlarini joriy etish zarurligini qayd etdi.

Qanday takliflar berildi?

Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib qo‘mita quyidagi takliflarni berdi:

— nodavlat ta’lim xizmatlari uchun ixtiyoriy sertifikatlash tizimini joriy etish;

— nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;

— ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlarning iste’molchilar bilan munosabatlariga qo‘yiladigan minimal talablarni belgilash.

Qo‘mita tegishli takliflar vakolatli davlat organiga yuborilganini ma’lum qildi. Shuningdek, ushbu islohotlarni amalga oshirishda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi eng ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘layotgan nodavlat ta’lim xizmatlari ro‘yxati e’lon qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Xususiy ta’lim sohasida sertifikatlash va yagona qoidalarni joriy etish taklif qilindi | Vaqt.uz