
Yangi Toshkent 2 million aholi yashaydigan megapolis bo‘ladi
Prezident Yangi Toshkentdagi 2 million aholiga mo‘ljallangan «Sharq bahori» turar joy majmuasi qurilishi bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent hududida barpo etilayotgan «Sharq bahori» turar joy majmuasining qurilish maydonini ko‘zdan kechirdi. Davlat rahbari mamlakatda uy-joy qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar Yangi Toshkent misolida yangi bosqichga chiqishini ta’kidladi.
Prezidentning Oliy Majlis va xalqqa Murojaatnomasida qayd etilganidek, joriy yilda 8 million 100 ming kvadrat metr ko‘p qavatli uylar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. So‘nggi to‘qqiz yil ichida esa jami 210 million kvadrat metr turar joy va noturar joy ob’ektlari barpo etildi. Bu ko‘rsatkichlar aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini tizimli hal etishga qaratilgan davlat siyosati samarasini ko‘rsatadi.
Loyihaning birinchi bosqichida 600 ming nafar aholi uchun zarur infratuzilma yaratish belgilangan. Barcha bosqichlar yakunlangach, Yangi Toshkent 2 million nafar inson yashaydigan ulkan megapolisga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Uy-joy ta’minotidagi dastlabki yirik qadam sifatida «Sharq bahori» turar joy majmuasi amalga oshirilmoqda. 95 gektar maydonda 15 mingga yaqin xonadondon iborat ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Hozirga qadar bu yerda 18 million kvadrat metrdan ortiq qurilish ishlari bajarilgan bo‘lib, «A+» toifadagi energiya tejamkor materiallar qo‘llanilmoqda.
Majmua hududida 15 mingdan ziyod daraxt va ko‘chatlar ekiladi, avtonom isitish va sovitish tizimlari joriy etiladi. Tom qismlari to‘liq quyosh panellari bilan qoplanadi, yer osti avtoturargohlari esa shaxsiy transport uchun qulaylik yaratadi. Bog‘lar, metro bekati, ma’muriy va ijtimoiy muassasalarga yaqin joylashuv loyihaning asosiy ustunliklaridan biri hisoblanadi.
Prezident tayyor xonadonlardan birini ko‘zdan kechirib, Yangi Toshkent butun mamlakat uchun zamonaviy va qulay uy-joy qurilishida namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.





