Logo

Yangi Toshkent va TTZgacha bo‘lgan metro liniyalari qurilish muddatlari haqida ma’lumot berildi

Transport vazirligi e’lon qilgan qaror loyihasiga ko‘ra, poytaxtda «Texnopark — Yangi Toshkent» va «Pushkin — TTZ» yo‘nalishlari bo‘yicha yangi metro tarmoqlari qurilishi mumkin. Hujjat e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay muhokama portalidagi sahifadan olib tashlandi.

Yangi Toshkent va TTZgacha bo‘lgan metro liniyalari qurilish muddatlari haqida ma’lumot berildi

Transport vazirligi Toshkent shahrida ikkita yangi metro yo‘nalishini qurishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi. Biroq hujjat qisqa vaqtdan so‘ng muhokama platformasidan olib tashlandi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, yangi yo‘nalishlar «Pushkin — TTZ» hamda «Texnopark — Yangi Toshkent» bo‘yicha tashkil etiladi.

TTZ tomonga yo‘naltirilgan tarmoqning uzunligi 11 kilometrni tashkil etishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda 10 ta bekat va bitta depo qurilishi ko‘zda tutilgan. Yangi Toshkentgacha bo‘lgan yo‘nalish esa 21 kilometr uzunlikka ega bo‘lib, 9 ta stansiyani qamrab oladi.

Loyihani amalga oshirish Yangi Toshkent shahrini qurish direksiyasi zimmasiga yuklatilishi taklif etilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, qurilish ishlari fast-track usulida amalga oshiriladi. Bu loyihalashtirish, qurilish materiallarini xarid qilish va montaj ishlarini bir vaqtning o‘zida olib borish imkonini beradi.

Qurilish ishlari Yevropa Ittifoqida qabul qilingan shaharsozlik standartlariga muvofiq olib borilishi belgilangan. Loyihaning Yangi Toshkentgacha bo‘lgan birinchi bosqichini 2026 yil yakuniga qadar ishga tushirish, to‘liq transport tizimini esa 2028 yil kuzida foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.

Loyiha amalga oshirilayotgan davrda transport harakati uchun muqobil yo‘nalishlar tashkil etiladi, jamoat transporti harakati esa uzluksiz ta’minlanadi.

Shuningdek, TTZ avtostansiyasini boshqa hududga ko‘chirish rejalashtirilmoqda. Uning ma’muriy binosi loyihani muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar balansiga o‘tkaziladi. Ayrim avtobus yo‘nalishlari Qadrdon va Gulsanam ko‘chalari kesishmasiga, boshqalari esa Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidagi sobiq avtovokzal hududiga yo‘naltiriladi. TTZga qatnaydigan shahar atrofi avtobuslari Qibray avtostansiyasiga ko‘chirilishi mumkin.

Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari bir oy ichida metro qurilishi rejalashtirilgan hududlarga tushadigan yer uchastkalari, binolar va daraxtlarni xatlovdan o‘tkazadi. Shuningdek, noqonuniy egallangan yerlarni qonunchilikda belgilangan tartibda bo‘shatish choralari ko‘riladi.

Hujjatda mulki olib qo‘yiladigan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga kompensatsiya to‘lash mexanizmini uch oy muddatda ishlab chiqish vazifasi ham belgilangan. Loyihani amalga oshirish uchun ayrim qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa toifaga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, qurilish hududidagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari xatlovdan o‘tkaziladi. Ularni ko‘chirish bilan bog‘liq xarajatlar asosan balans saqlovchilar hisobidan qoplanadi, ayrim xarajatlar esa 2027 yilgi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.

 

Teglar

Mavzuga oid