
Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli yangi stadion quriladi
Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent stadioni poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab berdi.

Bugun, 11-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahridagi zamonaviy futbol stadioni qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Qiymati 100 million dollar bo‘lgan ushbu inshoot mamlakat futbolida yangi bosqichni boshlab berishi kutilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi besh yilda mamlakat futbol sohasida tub burilish davri bo‘ldi. Jumladan, mahalliy chempionatlar tizimi isloh qilinib, bolalar va o‘smirlar akademiyalari tashkil etildi, hududlarda 75 ta katta va 302 ta mini stadion faoliyat ko‘rsatmoqda.
«Ma’lumki, 2017 yilda yurtimizda FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi talablariga javob beradigan maydonlarning soni atigi 3 ta bo‘lgan. Bugun ularning soni 10 tadan oshdi. Yaqinda Yuqori Chirchiq tumanida zamonaviy Milliy futbol markazi qurib bitkazildi. Futbol maktablarida 65 mingdan ortiq yoshlar mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Ushbu maktablarga jahonning nufuzli futbol klublaridan trenerlar, sport tibbiyoti va farmakologiyasi bo‘yicha malakali mutaxassislar jalb qilingan», - deyiladi xabarda.
«Futbol bo‘yicha olimpiya terma jamoamiz o‘tgan yili Parijdagi olimpiadada ilk bor ishtirok etdi. Tariximizda ilk bor milliy terma jamoamiz kelgusi yilda bo‘ladigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ayni kunlarda Qatarda bo‘layotgan jahon chempionatida o‘n yetti yoshgacha bo‘lgan futbolchilarimiz Osiyo chempioni sifatida mamlakatimiz sharafini himoya qilmoqda», – dedi davlat rahbari marosimda.
Bugun dunyoning turli nufuzli klublarida to‘p surayotgan 20 nafar o‘zbek futbolchisining umumiy transfer qiymati 60 million dollardan oshdi. Ayniqsa, o‘tgan oydan boshlab Abduqodir Husanov Osiyoning eng qimmat futbolchisiga aylangani hammaga faxr va iftixor bag‘ishlaydi.
«Yaqinda FIFA prezidenti Janni Infantino mamlakatimizga tashrifi davomida O‘zbekistonda futbolga e’tibor, yaratilgan infratuzilma, boshqarish tizimidagi islohotlar bilan yaqindan tanishib, ushbu sportdagi tub o‘zgarishlarni yuqori baholadi. Janob Infantino samimiy muloqotimiz chog‘ida xalqaro futbol hamjamiyatining mamlakatimizga bo‘lgan ishonchi tobora ortib borayotgani, O‘zbekiston futboli “Osiyo grandlari” darajasida ekanini alohida ta’kidladi», – dedi Prezident.
2-oktabr kuni FIFA Kengashi yig‘ilishida futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida 2027 yildagi jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Ushbu jahon chempionati doirasidagi o‘yinlar ikki mamlakatdagi 3 tadan stadionda o‘tkaziladi. Jahon chempionatlarining final va yarim final o‘yinlari sig‘imi 50 mingdan ko‘p bo‘lgan stadionda o‘tkazilishi FIFA talablaridan biri hisoblanadi.
«Shu bois, mamlakatimiz futboli uchun muhim loyiha – Yangi Toshkent stadioni qurilishini boshlaymiz. Qiymati 100 million dollarlik ushbu stadion qurilishi uchun nega aynan Yangi Toshkent hududi tanlandi? Sababi Yangi Toshkent kelajakda mamlakatimizning yangi imkoniyatlar va ilg‘or g‘oyalar markaziga aylanadi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilishicha, Yangi Toshkent stadioni FIFAning barcha talablariga mos ravishda barpo etiladi hamda Osiyodagi eng yirik va zamonaviy infratuzilmaga ega futbol maydonlaridan biri bo‘ladi. Bu inshoot nafaqat 2027 yilgi 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionati uchun, balki butun o‘zbek futboli va yoshlar sportining kelgusi o‘n yillik rivoji uchun xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mamlakatning yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilishi munosabati bilan chempionatga tayyorgarlik bo‘yicha alohida davlat dasturi qabul qilinishi aytildi. Infratuzilma, transport, mehmonxona, tibbiy xizmat va volontyorlik tizimlari bo‘yicha mas’ul vazirliklarga aniq vazifalar belgilab beriladi.
«Yangi Toshkent stadioni uchun hozir biz qo‘yadigan tamal toshi – bugungi mehnatimizning va ertangi g‘alabalarimizning asosidir. Ishonamanki, bu ulkan inshoot yoshlar uchun ilhom, xalqimiz uchun iftixor ramzlaridan biri bo‘lib, yurtimizdagi millionlab futbol muxlislariga katta sovg‘a bo‘ladi», – dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent stadioni poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab berdi.





