
Yaponiya har bir uyga 25 Gbit/s internet olib kirmoqchi
Yaponiyada 2026 yildan boshlab uylar uchun 25 Gbit/s tezlikdagi internet joriy etiladi, bu hozirgi ommaviy standartlardan bir necha barobar yuqori.

Yaponiya raqamli infratuzilmani rivojlantirishda yana bir bor global trendlarni ortda qoldirmoqda. NTT East korporatsiyasi 2026 yil mart oyidan Tokio shahrida uy xo‘jaliklari uchun 25 Gbit/s tezlikdagi optik internet xizmatini ishga tushirishini ma’lum qildi. Bu FTTH (Fiber-to-the-Home) formatidagi yangi avlod xizmat bo‘lib, Yaponiyada hozirda mavjud bo‘lgan eng yuqori ommaviy tezlik — 10 Gbit/sdan 2,5 barobar tez.
Yangi xizmat «Flet’s Hikari 25G» nomi ostida taqdim etiladi va best-effort modelida ishlaydi. Bu degani, abonentlar umumiy optik tola infratuzilmasi orqali provayderlarga ulanadi, tezlik esa tarmoq yuklamasiga bog‘liq holda o‘zgarishi mumkin. Shunga qaramay, hatto amaldagi real tezliklar ham hozirgi maishiy internet standartlaridan ancha yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Loyiha IEEE ComSoc Technology Blog hamda Telecompaper manbalarida qayd etilganidek, NTT’ning keng qamrovli raqamli strategiyasining bir qismi hisoblanadi. Korporatsiya parallel ravishda «Innovative Optical and Wireless Network» (IOWN) tashabbusini ham rivojlantirmoqda. Ushbu dastur doirasida ultratezrjh optik tarmoqlar uchun yangi qurilmalar va arxitekturalar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda Yaponiyada FTTH bozori juda raqobatli. 10 Gbit/s tezlikdagi xizmatlar NTT East/West, shuningdek Sony qo‘llab-quvvatlagan NURO Hikari kabi operatorlar tomonidan taklif qilinadi. 25 Gbit/s segmenti esa birinchi navbatda yuqori talabga ega megapolislarda, ayniqsa raqamli xizmatlar, striming, cloud-platformalar va AI-ilovalar faol qo‘llaniladigan uy xo‘jaliklariga qaratilgan.
Shu bilan birga, Yaponiyada ilmiy laboratoriyalarda internet tezligi bo‘yicha jahon rekordlari ham o‘rnatilmoqda. Eksperimental optik tolalar orqali 1 petabit/sdan yuqori uzatishga erishilgan. Albatta, bu natijalar hozircha faqat tadqiqot darajasida bo‘lib, ommaviy bozor uchun mo‘ljallanmagan.
Yaponiya tajribasi global raqamli siyosatlar bilan qiziqarli taqqoslanadi. Masalan, Yevropa Ittifoqi «Raqamli o‘n yillik» strategiyasi doirasida 2030 yilgacha barcha uy xo‘jaliklarini kamida 1 Gbit/s internet bilan ta’minlashni maqsad qilgan. Yaponiya esa bu ko‘rsatkichni allaqachon o‘nlab barobarga oshirishga kirishmoqda.





