add

Yaqin Sharqdagi katta to‘qnashuvning oldi olindi

Bugun 20:002 daqiqa

Saudiya Arabistoni, Qatar va Ummon rasmiylari Donald Tramp bilan keskin muzokaralar o‘tkazdi.

Yaqin Sharqdagi katta to‘qnashuvning oldi olindi

Saudiya Arabistoni, Qatar va Ummon rasmiylari AQSH prezidenti Donald Trampni «mintaqadagi jiddiy oqibatlar»dan qo‘rqib, Eronga hujum qilish fikridan qaytishga ko‘ndirishdi. Bu haqda AFP agentligi Saudiyaning yuqori lavozimli amaldoriga tayanib xabar bermoqda.

«Fors ko‘rfazining uchta davlati so‘nggi daqiqalarda prezident Trampni Eronga o‘z yaxshi niyatlarini ko‘rsatishi uchun imkon berishga ko‘ndirish maqsadida uzoq davom etgan va keskin diplomatik sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. Biz AQSHga Eronga qilinadigan hujum mintaqada bir qator jiddiy javob zarbalariga sabab bo‘lishini aytdik», - deya AFP ismi oshkor etilmagan mulozimning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nizo avj olishining oldini olish maqsadida Fors ko‘rfazi davlatlarining diplomatik aloqalari davom etmoqda.

«Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab davlatlari AQSH rasmiylaridan Tehronga zarba berishdan tiyilishni so‘rashgan va Eron rejimini ag‘darishga urinish neft bozorlarida beqarorlikni keltirib chiqarib, yakunda AQSH iqtisodiyotiga zarar yetkazishini bildirishgan», - deb xabar bergan edi avvalroq The Wall Street Journal gazetasi.

Bundan tashqari, Reuters agentligiga vaziyat bilan tanish bo‘lgan uchta manbaning ma’lum qilishicha, Qatardagi «Al-Udeyd» AQSH aviabazasida 14-yanvar kuni e’lon qilingan yuqori xavf darajasi pasaytirilgan.

«14-yanvar kuni bazadan olib chiqib ketilgan Amerika samolyotlari asta-sekin qaytmoqda», - deb xabar berdi manbalardan biri.

Boshqa ikki manba — anonimlik sharti bilan gapirgan diplomatlarning aytishicha, avvalroq bazani tark etish tavsiya etilgan xodimlarning bir qismiga ham qaytishga ruxsat berilgan.

O‘tgan kuni AQSH Fors ko‘rfazidagi bazalarida xavfsizlik choralarini kuchaytirgan edi. 14-yanvar kuni Qatardagi Amerikaning «Al-Udeyd» aviabazasida yuqori darajadagi xavfsizlik holati e’lon qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid