Yashnobod hokimligida xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi

Tekshiruvdan maqsad Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xatida qayd etilgan fuqaro murojaatidagi vajlarni o‘rganish ekani ma’lum qilingan.

Yashnobod hokimligida xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi © Yashnobod tuman hokimligi Axborot xizmati

Toshkent shahri Toshkent shahridagi Yashnobod tumani hokimligi xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi. Bu bo‘yicha kecha, 6-may kuni shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning tegishli farmoyishi qabul qilingan.

Tekshiruv O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2026-yil 16-apreldagi xatida qayd etilgan fuqaroning murojaatidagi vajlarni o‘rganish maqsadida o‘tkaziladi. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari Mirmuhammad Mirhamidov zimmasiga yuklangan.

Hujjatga muvofiq xizmat tekshiruvini o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuziladi va unga Toshkent shahar hokimligi Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati boshlig‘i Shuhrat Turdiqulov raislik qiladi. Unga murojaatidagi vajlarni o‘rganish bo‘yicha sifatli va xolis xizmat tekshiruvini o‘tkazish hamda xizmat tekshiruvi natijalari yuzasidan tegishli tartibda xulosa rasmiylashtirish, shuningdek, xizmat tekshiruvini o‘tkazish jarayoniga zaruratga ko‘ra, tegishli tashkilot va idoralardan mutaxassislarni jalb etish choralarini ko‘rish topshirilgan.

Yashnobod tumani kim boshqaryapti?

Yashnobod tumanini 2020-yildan beri  Baxtiyor Rahmonqulov boshqarib kelmoqda. Bungacha u Toshkent shahar hokimi o‘rinborsari – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida (2018-2020) ishlagan.

Baxtiyor Rahmonqulov 1976-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. U 1997-yilda Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘shinlari muhandislik bilim yurtining qo‘mondonlik taktik avtomobil qo‘shinlari mutaxassisligi bo‘yicha va 2008-yilda Rossiya Federatsiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi akademiyasining fuqaro muhofazasi qo‘mondonlik-shtab tezkor-taktik boshqaruvi sohasi mutaxassisligini tamomlagan.

Rahmonqulov 2021-yilda «Xizmatga sadoqat» medali bilan mukofotlangan

2024-yilda Baxtiyor Rahmonqulov o‘z sektorini «Eng tashabbuskor sektor» nominatsiyasi g‘olibi, deb e’lon qilgani va sektor rahbari sifatida mahalliy budjetning orttirib bajarilgan hisobidan o‘zini o‘zi taqdirlab, 61 mln 875 ming so‘m ajratgani xabar qilingandi. O‘shanda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (ARGOS) munosabat bildirib, xabarlar buzib ko‘rsatilgani, Rahmonqulov qonunchilikka muvofiq rag‘batlantirilganligini ma’lum qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Yashnobod hokimligida xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi | Vaqt.uz