
Yevropa Markaziy banki aholini uyda naqd saqlashga chaqirdi
YMB raqamli to‘lov tizimlari istalgan paytda ishdan chiqishi mumkinligini aytdi va har bir Yevropa xonadoniga favqulodda holat uchun uyda 70–100 yevro saqlashni tavsiya qildi.

Yevropa Markaziy banki so‘nggi yillarda global xurujlar kuchayganini qayd etib, raqamli to‘lov infratuzilmasida xavflarni kamaytirish maqsadida aholiga uylarida naqd pul saqlashni tavsiya qildi. Tashkilot fikricha, pandemiya, urush va energiya xavflari ortidan raqamli to‘lov tizimlari bir zumda ishdan chiqishi xavfi real tus olgan. Shu bois YeMB uylarda 70–100 yevro miqdoridagi naqd zaxirani «xavfsizlik chorasi» sifatida baholamoqda.
Bayonotda aytilishicha, raqamli to‘lovlar keng qo‘llanayotgani bilan, tizimning to‘liq ishdan chiqishi keng qamrovli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday holatda bankomatlar ishlamasligi, POS-terminallar o‘chishi va onlayn-bankingning to‘liq to‘xtashi ehtimoli yuqori. Shu sharoitda asosiy ehtiyojlar uchun faqat naqd pul orqali hisob-kitob qilishning imkoni qoladi. YeMB hisob-kitobiga ko‘ra, 70–100 yevro uch kunlik iste’mol ehtiyojlarini qoplashga yetarli miqdor sifatida baholangan.
Qit’adagi davlatlar ham raqamli xavflardan kelib chiqib, turli tayyorgarlik choralarini ko‘rmoqda. Masalan, Finlandiya raqamli tizimlar ishdan chiqishiga chidamli maxsus bankomatlar o‘rnatish rejasini ishlab chiqmoqda. Niderlandiya, Avstriya va Shvetsiya esa fuqarolarni uyda naqd pul saqlashga chaqirmoqda. Ba’zi mamlakatlarda esa muhim infratuzilmani kuchaytirish maqsadida to‘lov tizimlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, raqamli infratuzilmaning ulkan afzalliklari bilan birga, uning izchil qat’iy ishlashiga bog‘liq bo‘lgan xavflar ham oshib bormoqda. Elektr ta’minotidagi uzilishlar, kiberhujumlar yoki infratuzilmadagi texnik nosozliklar aholining kundalik moliyaviy amaliyotlarini jiddiy izdan chiqarishi mumkin. Shunday sharoitda YeMBning ushbu tavsiyasi ehtiyot chorasi sifatida amaliy ahamiyat kasb etadi.





