add

Yil boshidan beri chiqindilarni noqonuniy tashlash bo‘yicha 1 mlrd so‘mga yaqin jarima belgilandi

Bugun 10:01291

2025 yil boshidan beri chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bo‘yicha 10 mingtaga yaqin holat qayd etildi. Bu holatlar IP-kameralar orqali Ekologiya vazirligi tomonidan aniqlangan.

Yil boshidan beri chiqindilarni noqonuniy tashlash bo‘yicha 1 mlrd so‘mga yaqin jarima belgilandi

2025 yil yanvaridan noyabr oyigacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston bo‘ylab chiqindilarni belgilanmagan yoki noqonuniy joylarga tashlash bilan bog‘liq 9817 ta holat aniqlangan. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur qoidabuzarliklarning 3714 tasi transport vositalari, 6103 tasi esa fuqarolar tomonidan sodir etilgan. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining maxsus ishchi guruhi tomonidan respublika bo‘ylab o‘rnatilgan IP-kameralar yordamida kuzatuvlar olib borilgan.

Aniqlangan holatlardan 2232 tasi bo‘yicha tegishli ma’muriy choralar ko‘rilgan. Qolgan 7585 ta holat bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Eng ko‘p qoidabuzarliklar Andijon (3001 holat), Namangan (2937 holat) va Farg‘ona (1645 holat) viloyatlarida qayd etilgan. Shuningdek, Samarqand viloyatida 981, Toshkent viloyatida 434, Surxondaryoda 250 va Sirdaryo viloyatida 144 holat aniqlangan. Eng kam holatlar Buxoro viloyatida (2 holat) kuzatilgan.

Ma’muriy javobgarlikka tortilgan holatlar bo‘yicha umumiy jarima miqdori 956 million 887 ming so‘mni tashkil etgan. Vazirlikning ma’lum qilishicha, o‘rnatilgan kameralar nafaqat chiqindilarni noqonuniy tashlashni, balki boshqa turdagi ekologik huquqbuzarliklarni ham aniqlash imkonini bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida chiqindi xizmatlaridan qarzdor bo‘lgan 6 mingga yaqin fuqaroga elektr energiyasi to‘lovlariga vaqtincha cheklov qo‘yilgani haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid

Yil boshidan beri chiqindilarni noqonuniy tashlash bo‘yicha 1 mlrd so‘mga yaqin jarima belgilandi | Vaqt.uz