Logo

Yirik P2P o‘tkazmalarini nazorat qilish g‘oyasi Konstitutsiyaga zid — Markaziy bank

Markaziy bank yirik P2P o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga berish taklifiga munosabat bildirdi.

Yirik P2P o‘tkazmalarini nazorat qilish g‘oyasi Konstitutsiyaga zid — Markaziy bank © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank oylik yirik P2P o‘tkazmalar bo‘yicha ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etishni nazarda tutuvchi taklif Konstitutsiyaning 41-moddasiga zid ekanini ma’lum qildi. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev «Kursiv Uzbekistan» so‘roviga bergan izohida bildirdi.

Regulyatorga ko‘ra, bunday mexanizm fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga ta’sir qilishi, naqd pul aylanmasi oshishi va mablag‘larning bank tizimidan tashqari norasmiy muomalaga o‘tishiga olib kelishi mumkin.

Konstitutsiyaning 41-moddasida har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqliligi, bank operatsiyalarining, omonatlarning va hisobvaraqlarning sir tutilishi, shuningdek meros huquqi qonun bilan kafolatlanishi belgilab qo‘yilgan.

Bank siri masalasi

Markaziy bankning qayd etishicha, taklif etilayotgan tartib naqd va naqdsiz hisob-kitoblar o‘rtasidagi farqni yanada oshirishi hamda yashirin iqtisodiyot ulushi o‘sishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, regulyator oyiga 500 BHM miqdoridagi chegara nima sababdan tanlangani bo‘yicha ma’lumotga ega emasligini, ushbu loyiha Soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilganligini bildirdi.

Markaziy bank amaldagi qonunchilik doirasida bank siri va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish uchun zarur texnik hamda tashkiliy choralar mavjudligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Soliq qo‘mitasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan qaror loyihasida «Bank-soliq» maxsus axborot almashish modulini joriy etish taklif qilingandi.

Loyihaga ko‘ra, agar jismoniy shaxsning bitta kartasiga bir oy davomida boshqa shaxslarning bank kartalari yoki elektron hamyonlaridan BHMning 500 baravariga teng yoki undan ortiq mablag‘ — hozirgi hisobda 206 mln so‘m kelib tushsa, bank ushbu ma’lumotni Soliq qo‘mitasiga taqdim etishi belgilangan.

Taklif e’lon qilingach, u jamoatchilik orasida keng muhokamalar va turli e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Keyinroq Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan soliq organlariga ma’lumot taqdim etish tartibini belgilovchi qaror loyihasi yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Idoraga ko‘ra, hujjat bank hisobvaraqlari yoki omonatlar ustidan yangi nazorat mexanizmlarini joriy etishni emas, balki banklar va soliq organlari o‘rtasidagi mavjud axborot almashinuvi jarayonlarini yagona tartibga solishni maqsad qilgan.

Qo‘mita ayrim ommaviy axborot vositalarida loyiha aholi omonatlarini nazorat qilishga qaratilgan tashabbus sifatida talqin qilinayotgani uning mazmunini to‘liq aks ettirmasligini bildirdi.

«Loyiha soliq organlariga yangi vakolatlar bermaydi, bank sirini bekor qilmaydi hamda fuqarolar yoki tadbirkorlarning bank hisobvaraqlariga erkin kirish imkoniyatini nazarda tutmaydi. Banklar soliq organlariga ma’lumotlarni faqat qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda taqdim etishga haqli», — deyiladi qo‘mita bayonotida.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasi «Bank siri to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, soliq solish bilan bog‘liq ayrim ma’lumotlar davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilishi mumkinligini eslatdi. Bunda olingan ma’lumotlar soliq siri hisoblanadi hamda ularni oshkor qilish, uchinchi shaxslarga berish yoki belgilangan maqsaddan tashqari foydalanish taqiqlanadi.

Idora bunday axborot almashinuvi mexanizmlari xalqaro amaliyotda, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo mamlakatlarda qo‘llanilishini ta’kidladi.

Qaror loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasida bo‘lib, kelib tushgan taklif va mulohazalar asosida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Yirik P2P o‘tkazmalarini nazorat qilish g‘oyasi Konstitutsiyaga zid — Markaziy bank | Vaqt.uz