Logo

O‘zbekiston va Ozarbayjon abadiy do‘stlik bo‘yicha shartnoma tuzdi

Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev «Abadiy do‘stlik to‘g‘risida»gi shartnoma hamda Oliy davlatlararo kengash uchinchi yig‘ilishining qarorini imzoladi. Tomonlar savdo, investitsiya, turizm, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator hujjatlarni qabul qildi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon abadiy do‘stlik bo‘yicha shartnoma tuzdi

23-avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari tarixiy hujjat — «Abadiy do‘stlik to‘g‘risida»gi shartnomani imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev «Abadiy do‘stlik to‘g‘risida»gi shartnoma hamda Oliy davlatlararo kengash uchinchi yig‘ilishining qarorini imzoladi.

Davlat rahbarlari huzurida quyidagi hujjatlar imzolandi:

— Pensiya ta’minoti sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

— Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

— Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

— 2030-yilga qadar tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha dastur;

— Investitsiyalar va savdo sohasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi;

— Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;

— Adliya vazirliklari o‘rtasida 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;

— Kinologiya sohasida tajriba almashish va hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

— Urganch va Xonkendi, Buxoro va Lochin, Urganch va Naxchivon shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bayonnomalar.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi Mehribon Aliyeva hamrohligida 23-avgust kuni davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi. Ko‘ksaroy qarorgohida Ilhom Aliyevni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Aliyev O‘zbekiston prezidentini «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirladi. O‘z navbatida, Ozarbayjon rahbariga O‘zbekistonning «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni topshirildi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Ozarbayjon abadiy do‘stlik bo‘yicha shartnoma tuzdi | Vaqt.uz