add

Yo‘l harakati bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish qo‘llanadi

05.02.2026 | 12:553 daqiqa

Yangi tartibga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish jazosi qo‘llaniladi.

Yo‘l harakati bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish qo‘llanadi

2026 yil 4-fevralda qabul qilingan O‘RQ–1116-sonli qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Ushbu o‘zgarishlar yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklar uchun yangi ta’sir chorasini joriy etishni nazarda tutadi.

Qonunga ko‘ra, kam ahamiyatli huquqbuzarliklar sodir etilganda ma’muriy ogohlantirish jazosi qo‘llanilishi mumkin. Ma’muriy ogohlantirish — huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunga xilof xatti-harakatlarni takrorlamaslik to‘g‘risida rasmiy ravishda ogohlantirish va unga tanbeh berishdan iborat.

Ma’muriy ogohlantirish yozma yoki elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Bu jazo turi jarima yoki boshqa ma’muriy sanksiyalarga muqobil tarzda qo‘llanadi va profilaktik xarakterga ega hisoblanadi.

Qaysi huquqbuzarliklarga tatbiq etiladi?

Ma’muriy ogohlantirish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning quyidagi moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanishi mumkin:

125-moddasi 1-qismi — Haydovchilarning transport vositalarini boshqarish va yo‘lovchilar tashishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga, xuddi shuningdek mototsikl va mopedlar haydovchilarining motoshlemlardan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi;

125-moddasi 2-qismi — Haydovchilarning belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan yoxud foydalanish man etiladigan darajada nosozligi bo‘lgan yoki qonunchilikda belgilangan tartibda favqulodda vaziyatda oynani sindirish uchun foydalaniladigan bolg‘acha bilan jihozlanmagan, o‘t o‘chirgich, tibbiyot qutichasi, avariya holatida to‘xtaganligini bildiruvchi belgi va nur qaytargichli kamzul bilan butlanmagan, xuddi shuningdek ishlayotganida tashqariga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalarning miqdori, shuningdek shovqin darajasi belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan transport vositalarini boshqarishi;

1281-moddasi — Transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi (bundan telefondan quloqchinlar orqali va qo‘llarni ishlatmasdan turib so‘zlashuvlar olib borish imkoniyatini beradigan boshqa uskunalar orqali foydalanish mustasno);

1282-moddasi — Transport vositasini boshqarish vaqtida tele-, videodasturlarni tomosha qilish maqsadida transport vositasi salonining old qismiga o‘rnatilgan monitordan (displeydan) foydalanish;

1286-moddasi — Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi;

1351-moddasi — Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polislarida nazarda tutilmagan foydalanish davrida transport vositalarini boshqarish, xuddi shuningdek faqat mazkur sug‘urta polislarida ko‘rsatilgan haydovchilar ayni shu transport vositalarini boshqarishi to‘g‘risida mazkur sug‘urta polislarida nazarda tutilgan shartlarni buzgan holda transport vositalarini boshqarish;

138-moddasi 1-qismi — Piyodalarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ularning yo‘lning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tishi, piyodalar yo‘lning qatnov qismida, shu jumladan piyodalar o‘tish joyida harakatlanayotganda telefondan foydalanishi, kitoblarni yoki davriy nashrlarni o‘qishi, videomateriallarni tomosha qilishi hamda audiomateriallarni eshitishi, shuningdek e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanishi, shuningdek skuterlar, mopedlar va velosipedlarni, individual harakatlanish vositalarini, ulovli aravani boshqarib borayotgan shaxslarning hamda yo‘ldan foydalanuvchi boshqa shaxslarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya etmasligi;

138-moddasi 2-qismi — Haydovchilarga har xil xizmat ko‘rsatish maqsadida yo‘lning qatnov qismida fuqarolarning turishi, yo‘llarga ajratilgan mintaqa tegrasida mol boqish.

Qo‘llash shartlari

Ushbu chora faqat huquqbuzar shaxs o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan taqdirda, shuningdek Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lmagan hollarda vakolatli organ tomonidan qo‘llanadi.

Shuningdek, ma’muriy ogohlantirish bir shaxsga nisbatan bir yil davomida bir martadan ortiq qo‘llanilishi mumkin emas. Bu norma jazoni suiiste’mol qilishning oldini olishga qaratilgan.

Teglar

Mavzuga oid