add

Yo‘l qoidalarini buzganlarga jarima o‘rniga endi og‘zaki ogohlantirish ham beriladi

Bugun 08:004672

Senat tomonidan ko‘rib chiqilgan yangi Qonun haydovchilar va piyodalarga tegishli ma’muriy jazo tizimini insonparvarroq qilishga qaratilgan.

Yo‘l qoidalarini buzganlarga jarima o‘rniga endi og‘zaki ogohlantirish ham beriladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi Qonun muhokama qilinib, ma’qullandi.

Senatorlarning ta’kidlashicha so‘nggi yillarda haydovchilar va piyodalarning yo‘l harakati qoidalariga amal qilish madaniyatini oshirish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda yo‘l harakatini to‘liq raqamlashtirish borasida qator huquqiy asoslar yaratildi. Bu choralar tufayli 2025 yilning 8 oyi davomida yo‘l-transport hodisalari soni 2,4 foizga, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar 1,5 foizga, o‘lim holatlari esa 5,6 foizga kamaygan.

Shu bilan birga, ta’kidlanishicha, ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolarda qonunga itoatkorlik hissini kuchaytirishda mavjud tizim kutilgan natija bermayapti. Shu bois, ayrim xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, ilk marta kam ahamiyatli huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarga jarima emas, balki «og‘zaki ogohlantirish» chorasini qo‘llash amaliyoti joriy etiladi. Bu fuqarolarga o‘z xatti-harakatining oqibatlarini tushuntirish va qayta sodir etilishini oldini olishga xizmat qiladi.

Qonunga kiritilgan asosiy o‘zgartirishlar quyidagicha:

1. Kodeks yangi 171-modda bilan to‘ldirilib, foto va video qayd etish vositalari orqali aniqlanadigan qoidabuzarliklar turlari belgilab beriladi.

2. 241-moddaga o‘zgartish kiritilib, ma’muriy jazo sifatida «ma’muriy ogohlantirishyu chorasi joriy etiladi.

3. Yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda jazo chorasi huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay qo‘llanilishi aniq belgilab qo‘yiladi.

Qonunning qabul qilinishi aholi uchun avtomobillardan foydalanishda qulayliklar yaratish, ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish hamda fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Teglar

Mavzuga oid