
Zelenskiy va Makron «tarixiy bitim»ni imzoladi
Fransiya Ukrainaga 100 ta Rafale qiruvchi samolyotini yetkazib beradi. Makron 2027 yilgacha Ukrainada tinchlikka erishilishiga umid qilmoqda.

Ukraina prezidenti Voladimir Zelenskiy Fransiyaga tashrif buyurib, Emmanyuel Makron bilan uchrashdi. Ular Parij yaqinidagi Villakuble aviabazasining uchish-qo‘nish yo‘lagidayoq mudofaa sohasidagi niyatlar deklaratsiyasini imzoladi. Kecha Zelenskiyning o‘zi bu kelishuvni «tarixiy» deb ta’riflagan edi.
2035 yilgacha mo‘ljallangan kelishuvning asosiy bandi 100 ta Rafale qiruvchi samolyotini yetkazib berishdir. Ushbu yetkazib berishlarni qanday va kim moliyalashtirishi hozircha noma’lum. Reuters manbalarga tayanib xabar berishicha, ayrim samolyotlar Fransiyaning mavjud zaxiralaridan bevosita topshirilishi mumkin.
Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilishicha, Rafale’dan tashqari, tomonlar Fransiya va Italiya tomonidan birgalikda ishlab chiqarilayotgan SAMP/T havo mudofaa tizimlari, ular uchun radarlar, shuningdek «havo-havo» toifasidagi raketalarni yetkazib berishga kelishib oldi. Shuningdek, Zelenskiyning aytishicha, Ukraina va Fransiya shu yilning o‘zidayoq birgalikda tutqich dronlarini ishlab chiqarishni boshlaydilar.
Kelishuv imzolangach, Zelenskiy va Makron «niyat bildiruvchilar koalitsiyasi» shtab-kvartirasiga tashrif buyurdi. Bu ittifoq bahorda Fransiya va Buyuk Britaniya tashabbusi bilan tuzilgan bo‘lib, AQSH urushdan tobora uzoqlashayotgan va Yevropa Ittifoqida Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni kamaytirish tarafdorlarining mavqei kuchayib borayotgan bir sharoitda Ukrainaga uzluksiz yordam ko‘rsatishni ta’minlashga qaratilgan.
Makron matbuot anjumanida Ukrainani Yevropaning birinchi mudofaa chizig‘i deb atadi va Yevropa davlatlarining Ukraina armiyasiga yordami barcha uchun xavfsizlikni ta’minlashini ta’kidladi.
Parijdan so‘ng Zelenskiy Madridga yo‘l oladi. Uning Ispaniyaga tashrifi tafsilotlari hozircha oshkor qilinmayapti. Bu Rossiyaning Ukraina bilan katta urushi boshlanganidan beri ikkinchi tashrif bo‘ladi.
Bir oy oldin Zelenskiy Ukrainaga Shvetsiyaning 100 dan 150 tagacha Gripen qiruvchi samolyotlarini yetkazib berishni nazarda tutuvchi niyat deklaratsiyasini imzolagan edi. Yetkazib berish bir necha yilga mo‘ljallangan. Zelenskiy birinchi samolyotlar 2026 yildayoq Ukrainaga yetib kelishiga umid bildirmoqda. Yetkazib berish uchun kim to‘lashi hozircha noma’lum, Shvetsiya rasmiylari buning muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish orqali amalga oshirilishi mumkinligini istisno etmadilar.
Reuters manbalarining ta’kidlashicha, Rafale va Gripen yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar Kiyevning harbiy samolyotlar parkini 250 taga yetkazish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyasi doirasida tuzilgan. Hozirda taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Ukraina atigi bir necha o‘nlab jangovar samolyotlarga ega.





