
Grenlandiya bahonasida AQSH bir qator Yevropa davlatlariga boj joriy etmoqda
Donald Tramp Grenlandiya masalasi sabab Yevropaning sakkizta davlatiga nisbatan yangi bojlar joriy etilishini e’lon qildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp 1-fevraldan boshlab Yevropaning sakkizta davlatiga nisbatan 10 foizlik import bojlari joriy etilishini ma’lum qildi. Gap Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlyandiya haqida ketmoqda. Trampning ta’kidlashicha, 1-iyundan bu tariflar 25 foizgacha oshiriladi. Ushbu choralar AQSH va Yevropa davlatlari o‘rtasida Grenlandiyani sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishilmaguncha amal qiladi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH bu hududni sotib olishga urinib kelayotganiga 150 yildan oshgan. Uning fikricha, zamonaviy harbiy tahdidlar va yangi mudofaa tizimlari sharoitida Grenlandiya strategik ahamiyatga ega. Prezident AQSHning «Oltin gumbaz» deb ataluvchi yangi raketaga qarshi mudofaa loyihasi samarali ishlashi uchun Grenlandiya mazkur tizimga qo‘shilishi shartligini ta’kidladi. Uning aytishicha, Xitoy va Rossiya ham orolga qiziqish bildirmoqda, Daniya esa bu jarayonga ta’sir o‘tkaza olmaydi.
Oq uy rahbari Yevropa davlatlarining Grenlandiyaga «noma’lum maqsadlar bilan» borganini da’vo qilib, bu holatni global xavfsizlik uchun xavfli deb atadi. Shu bilan birga, AQSH Daniya va boshqa mamlakatlar bilan muzokaralarga tayyor ekanini bildirdi.
Yevropada esa bu bayonot keskin reaksiyalarga sabab bo‘ldi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron «X» ijtimoiy tarmog‘ida bosim va tahdidlar qabul qilinmasligini bildirib, Parij Daniya bilan birgalikda Grenlandiyada harbiy mashqlarda ishtirok etishini aytdi. U Yevropa suverenitetini himoya qilish zarurligini ta’kidladi.
Germaniya hukumati nomidan chiqish qilgan Shtefan Kornelius Berlin Yevropa Ittifoqi hamkorlari bilan yaqin maslahatlar olib borayotganini ma’lum qildi.
Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson ham «X» ijimoiy tarmog‘ida Shvetsiyani shantaj qilish mumkin emasligini ochiq yozdi.
Ma’lumot uchun: Grenlandiya 1953 yilgacha Daniya mustamlakasi bo‘lgan, 2009 yildan esa ichki siyosatda keng avtonomiyaga ega. Orol hukumati AQSH tarkibiga qo‘shilish g‘oyasiga qat’iy qarshi chiqmoqda.





