O‘zbekiston un eksporti bo‘yicha Qozog‘istonni ortda qoldirdi
O‘zbekiston don va un eksportini yillik hisobda 40 foizdan ortiqqa oshirib, Qozog‘istonni asosiy eksportchi rolidan tushiryapti. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu tendensiya ikki mamlakat o‘rtasidagi farqni yaqqol ko‘rsatadi.

2025 yilda O‘zbekiston, asosan Qozog‘iston donidan ishlab chiqariladigan bug‘doy uni eksportini sezilarli darajada oshirdi va mazkur mahsulot bo‘yicha jahon eksportchilari reytingida yetakchi o‘rinlarga yaqinlashdi. Bu haqda Qozog‘iston Donni qayta ishlovchilar uyushmasi muassislari kengashi rahbari Yevgeniy Gan ma’lum qildi.
«Allaqachon aytish mumkinki, 2025 yilda O‘zbekiston Qozog‘iston donidan ishlab chiqarilgan bug‘doy uni eksportini keskin oshirdi. Va jahon un eksportchilari reytingida yetakchi o‘rinlarga (ikkinchi o‘ringa) chiqadi, Qozog‘istonni ortda qoldiradi. Bu esa, albatta, biz uchun quvonarli holat emas», – dedi Yevgeniy Gan.
Ma’lumot uchun, 2024 yilgi reytingda O‘zbekiston 321 mln dollarlik 1 mln 116 ming 150 tonna bilan 5-o‘rinda bo‘lgan. Yetakchilik esa Turkiya, Germaniya, Qozog‘iston va Misrda bo‘lgan.
Yevgeniy Ganning so‘zlariga ko‘ra, asosiy omil Qozog‘iston bug‘doyining O‘zbekistonga yetkazib berish hajmi keskin oshgani bo‘lgan. 2025 yilda Qozog‘iston O‘zbekistonga 5 mln tonnadan ortiq don eksport qilgan, bu esa o‘tgan yilga nisbatan qariyb 50 foizga ko‘p. Shu bilan birga, Qozog‘iston unining O‘zbekiston bozoriga yetkazib berilishi, aksincha, qisqargan, chunki mamlakat ichki qayta ishlash quvvatlarini faol ravishda kengaytirmoqda.
Umuman olganda, 2025 yilda Qozog‘iston 9 mln tonnadan ortiq bug‘doy eksport qilgan – bu 2024 yil ko‘rsatkichidan bir yarim barobar ko‘p. Biroq un eksporti faqat ozgina o‘sib, 1,93 mln tonnaga yetgan. Markaziy Osiyoning asosiy bozorlarida, xususan, O‘zbekiston va Afg‘onistonda yetkazib berish hajmlari hatto kamaygan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston don va un eksportini yillik hisobda 40 foizdan ortiqka oshirgan. Mutaxassislar buni davlat siyosati bilan izohlamoqda: mamlakatda bug‘doy eksportiga bojlar joriy etilgan bo‘lib, bu xomashyoni xorijga sotishni cheklaydi va ichki qayta ishlashni rag‘batlantiradi.
Natijada O‘zbekiston jahon un bozorida o‘z pozitsiyalarini tez sur’atda mustahkamlamoqda va amalda Qozog‘istonni asosiy eksportchi rolidan siqib chiqarmoqda. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu tendensiya ikki mamlakat o‘rtasidagi farqni yaqqol ko‘rsatadi: biri qayta ishlash va qo‘shilgan qiymatga e’tibor qaratayotgan bo‘lsa, ikkinchisi tobora ko‘proq xomashyo eksportiga tayanyapti.
O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasining 2026 yil 21-yanvar kuni e’lon qilingan 2025 yil yanvar-dekabr oylari uchun O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha press-relizida keltirilishicha, mamlakat hisobot davrida 558,5 mln dollarlik donli ekinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlarni eksport qilgan, o‘sish sur’ati 40 foizni tashkil etgan. Aynan shu davrda O‘zbekistonga donli ekinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlarning importi 15,2 foizga o‘sib, 1 mlrd 58,9 mln dollarga yetgan.





