Savdolarning besh yillik minimumi: altkoinlar bozorida nimalar ro‘y bermoqda?
Investorlar va treyderlarning altkoinlarga investitsiyalari oxirgi 5 yil ichidagi eng quyi darajaga tushib ketdi. Pul oqimi esa risklar anchayin kam bo‘lgan steyblkoinlarga, aksiyalarning tokenlariga, real dunyo aktivlari bilan bog‘liq aktivlarga oqib o‘tmoqda. Bu esa altsezon haqidagi orzularni yo‘qqa chiqarishi mumkinmi?

Altkoinlar savdosi so‘nggi besh yillik eng quyi darajaga tushdi, biroq bu investorlarning bozordan qochayotganini emas, balki soha ichidagi kapitalning chuqur rotatsiyasini anglatadi. Bitkoin va Ethereum hisobga olinmaganda, sotuv bosimi 209 milliard dollarni tashkil etib, bu mablag‘larning yanada barqaror va likvidli aktivlarga qayta taqsimlanayotganini ko‘rsatadi.
Bu kripto uchun yakun emas, aslida kapital qayta taqsimlanishi xolos
Bitget birjasi marketing direktori Agirrening so‘zlariga ko‘ra, sotuv bosimining pasayishi ishtirokchilarning kripto-industriyadan bir vaqtda chiqib ketayotganini anglatmaydi. Chakana va institutsional investorlar kamroq likvidli hamda volatil tokenlardagi riskli pozitsiyalarini qisqartirmoqda, biroq ayni paytda bozorda qolmoqda.
Kapital asosiy aktivlar va steyblkoinlar o‘rtasida qayta taqsimlanmoqda. Bunday yondashuv ommaviy kapitulyatsiyani emas, balki noaniqlik sharoitida portfellarning kalibrlanayotganini ko‘rsatadi. Bozor ishtirokchilari barqarorroq risk profiliga ega aktivlarga e’tibor qaratib, yanada ehtiyotkor bo‘lib bormoqda.
Bunday muhit narxlar harakatining o‘zgacha dinamikasini shakllantiradi. Keng ko‘lamli likvidlik oqimi mavjud bo‘lmaganda, kichik loyihalar asosan ekotizim yangilanishlari, sohadagi muhim voqealar yoki qisqa muddatli short-skvizlar kabi nuqtaviy katalizatorlarga javob qaytara boshlaydi. Bozor keng miqyosli ralli o‘rniga tanlovga puxta yondashuv va fundamental qadriyatni taqdirlaydi.
Qisqa muddatda beqarorlik bor
Qisqa muddatli istiqbolda altkoinlar yuqori darajadagi o‘zgaruvchanlikka hamda keskin, biroq lokal narx sakrashlariga duch kelishi mumkin. Tizimli kapital oqimi bo‘lmas ekan, keng ko‘lamli altsezon haqida gapirishga hali erta.
Agirrening fikricha, o‘rta muddatli manzara bitkoin va Ethereumning barqarorligi, makroiqtisodiy aniqlik hamda institutsional oqimlarning qaytishiga bog‘liq bo‘ladi. Bu omillar yaxshilangan taqdirda, kapitalni sifatli loyihalarga tanlab yo‘naltirish mumkin.
Uzoq muddatli istiqbolda amaliy qo‘llanish ssenariylariga ega bo‘lgan
altkoinlar - infratuzilmaviy yechimlar, DeFi integratsiyasi va real aktivlarni tokenlashtirish (RWA) ancha foydaliroq mavqeni egallaydi. Bozor yetuklashib borgani sari, aynan shu kabi yo‘nalishlar o‘sishning yangi bosqichiga asos bo‘lishi mumkin.
Ekspert joriy bosqichni spekulyativ kenglikdan kapitalni tartibliroq taqsimlashga o‘tish davri sifatida tavsiflamoqda. Gap altkoinlar davrining yakunlanishi haqida emas, balki tartibsiz rallilar davrining tugashi haqida ketmoqda.





