Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etiladi

Bugun 20:042 daqiqa

Markaz rezidentlari uchun kapitalning erkin harakati va repatriatsiyasi, erkin valuta operatsiyalari, zamonaviy to‘lov vositalari, jumladan, raqamli aktivlar bilan ishlash, imtiyozli soliq rejimi, soddalashtirilgan viza tartibi kabi keng imkoniyatlar yaratiladi.

Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etiladi © Foto: president.uz

Bugun, 25-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

«Ko‘plab xalqaro kompaniyalar mintaqaviy xavf-xatarlarni baholab, yangi bozorlarni o‘rganishni boshlagan. Bu biz uchun tarixiy imkoniyat. Shu vaziyatda fursatni boy bermasdan, xalqaro moliya kompaniyalarini o‘zimizga tezroq jalb qilishimiz shart», – dedi Prezident.

taqdimotda mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga qaratilgan uchta ustuvor yo‘nalish – xalqaro moliya va raqamli texnologiyalar markazlarini tashkil etish hamda islomiy moliya xizmatlarini joriy qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xalqaro moliya markazi tashkil etiladi

Toshkent xalqaro moliya markazi muhokama qilinar ekan, ushbu markaz yangi turdagi investitsiyalarni jalb qilish va barqaror iqtisodiy o‘sishning samarali vositasi bo‘lishi qayd etildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilgacha moliya markazi iqtisodiyotga qo‘shimcha 20-25 milliard dollar jalb qilish, yalpi ichki mahsulot o‘sishiga har yili qo‘shimcha 1 foizgacha hissa qo‘shish, 15 mingtagacha yangi yuqori malakali ish o‘rni yaratish, 10 ming nafar mutaxassis malakasini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Markaz faoliyati uchun maxsus huquqiy rejim joriy etish ko‘zda tutilgan. Bunda Angliya va Uelsning umumiy huquqi markaz to‘g‘risidagi qonunga zid bo‘lmagan darajada tatbiq qilinadi, markazning boshqaruv organlari o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi, nizolarni ko‘rib chiqishga ixtisoslashgan Toshkent xalqaro tijorat sudi va xalqaro arbitraj markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Markaz rezidentlari uchun kapitalning erkin harakati va repatriatsiyasi, erkin valuta operatsiyalari, zamonaviy to‘lov vositalari, jumladan, raqamli aktivlar bilan ishlash, imtiyozli soliq rejimi, soddalashtirilgan viza tartibi kabi keng imkoniyatlar yaratilishi belgilangan. Moliya-investitsiya va bank faoliyati, sug‘urta, raqamli aktivlar, qimmatli qog‘ozlar, to‘lov tizimlari va xizmatlari, moliyaviy texnologiyalar bilan bog‘liq xizmatlar markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid