Pensiya uchun minimal sug‘urta stajini 15 yilgacha oshirish taklif qilindi
Pensiya jamg‘armasi moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida minimal sug‘urta stajini 15 yilgacha oshirish va pensiyani so‘nggi 20 yillik rasmiy daromad asosida hisoblash taklif etildi.

O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan fiskal muloqotda pensiya tizimini moliyaviy barqarorlashtirishga qaratilgan bir qator takliflarni ilgari surdi.
Institut ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 4 milliondan ortiq fuqaro pensiya oladi. 2026 yilda Pensiya jamg‘armasiga davlat budjetidan 23 trillion so‘m to‘g‘ridan-to‘g‘ri va 12 trillion so‘m bilvosita moliyaviy ko‘mak ajratilmoqda. Biroq jamg‘armaning o‘z daromadlari pensiya to‘lovlarini to‘liq qoplashga yetarli emas.
«Taklifimizga ko‘ra, sug‘urta badallari to‘lanmaydigan ayrim davrlar uchun pensiya bilan bog‘liq xarajatlar Pensiya jamg‘armasi hisobidan emas, bevosita davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi kerak. Bu jamg‘arma majburiyatlarini aniq ajratish va uning moliyaviy holatini yanada shaffof baholash imkonini beradi», — dedi institut vakili.
Shuningdek, institut mehnat huquqlarini himoya qilish, rasmiy ishga joylashishni soddalashtirish va nazoratni kuchaytirish orqali rasmiy bandlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Buning uchun minimal sug‘urta stajini bosqichma-bosqich 7 yildan 15 yilgacha oshirish yoki pensiya miqdorini so‘nggi 20 yillik daromad asosida hisoblash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish taklif qilindi.
«Bu taklif fuqarolarning rasmiy daromadlarini to‘liq e’lon qilishi, ya’ni davlat bilan ochiq hisob-kitob yuritishi bilan bevosita bog‘liq», — dedi institut vakili.
Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, qo‘shimcha 1 million nafar fuqaroni rasmiy bandlikka jalb qilish orqali davlat budjetiga yiliga 3 trillion so‘mgacha qo‘shimcha tushum ta’minlash mumkin.
«3 trillion so‘mni boshqacha ifodalaydigan bo‘lsak, bu mablag‘ evaziga 480 o‘rinli qariyb 100 ta maktab qurish imkoniyati paydo bo‘ladi», — deya qayd etildi fiskal muloqotda.





