Logo

Elektromobil sotib olish uchun avtokredit foizining bir qismi davlat tomonidan qoplab berilishi mumkin

Bugun 09:552 daqiqa

Ajratilgan avtokreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining dastlabki 2 yili davomida kredit foiz stavkasining 16 foizdan oshadigan, biroq 8 foiz banddan yuqori bo‘lmagan qismi uchun kompensatsiya to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Elektromobil sotib olish uchun avtokredit foizining bir qismi davlat tomonidan qoplab berilishi mumkin © Foto: Autostrada.uz

O‘zbekistonda aholining elektromobil sotib olish uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismi qoplab berilishini ta’minlash rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan boshlab qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravaridan oshmagan elektromobillarni birlamchi bozordan sotib olish uchun jismoniy shaxslarga 300 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda tijorat banklari tomonidan ajratilgan avtokreditlar bo‘yicha foiz harajatlarining dastlabki 2 yili davomida kredit foiz stavkasining 16 foizdan oshadigan, biroq 8 foiz banddan yuqori bo‘lmagan qismi uchun kompensatsiya to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Kompensatsiya to‘lash bilan bog‘liq harajatlar 2026-yil uchun respublika budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan, keyingi yillarda davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi. U murojaat sanasida bankning ichki qoidalariga muvofiq kreditga layoqatli deb topilgan hamda kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan jismoniy shaxslarga ajratiladi. Jismoniy shaxs esa avtokredit olish uchun bankning ichki qoidalariga muvofiq zarur hujjatlarni ilova qilgan holda bankka ariza bilan murojaat qilishi, arizada kompensatsiya olish istagini alohida ko‘rsatishi lozim.

Loyihada agar qarz oluvchi kredit to‘lovlarini to‘lash majburiyatlarini ketma-ket 3 oy ichida bajarmasa, kredit summasi va unga hisoblangan foizlar muddatidan oldin to‘liq undirilsa yoki to‘lansa, kredit shartnomasi bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri ma’lumotlar aniqlansa kompensatsiya ajratish to‘xtatilishi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qaysi banklar foizsiz avtokredit berayotgani haqida yozgan edik. Onix, Tracker, Damas va Labo uchun bir nechta bank foizsiz avtokredit taklif qilmoqda.

Teglar