O‘zbekiston Qozog‘istondan chorva uchun o‘n minglab gektar yer so‘radi
Hayvonlarni Qozog‘iston hududida boqib, keyin O‘zbekiston bozoriga olib kirish taklif qilinmoqda. O‘zbekiston hozirning o‘zida qo‘shni davlat go‘shtining asosiy xaridori hisoblanadi. Qozog‘istonning jami go‘sht eksportining 90 foizdan ortig‘i O‘zbekiston hisobiga to‘g‘ri keladi.
© Foto: ritmeurasia.ruO‘zbekiston Qozog‘istonda sanoat usulida chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirishni taklif qildi. Bu tashabbusni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov O‘zbekiston-Qozog‘iston biznes-forumida bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik investorlarga Qozog‘iston hududida chorva mollari uchun yosh hayvonlarni mustaqil ravishda sotib olish, yem-xashak bazasini yaratish va chorvani boqib, semirtirish imkoniyatini berish taklif etilmoqda. Hayvonlar tovar og‘irligi — 400 kilogrammdan oshganidan keyin O‘zbekistonga eksport qilinishi mumkin.
Loyihani amalga oshirish uchun chorva mollarini semirtirish maqsadida 50 ming gektargacha yer ajratish taklif qilinmoqda.
Aslida, ushbu tashabbus Qozog‘istondan Markaziy Osiyoda sanoat usulida go‘sht chorvachiligini rivojlantirish uchun asosiy maydon sifatida foydalanishni nazarda tutadi. Qozog‘istonda buning uchun zarur yer resurslari mavjud. Mamlakat allaqachon O‘zbekistonga go‘sht mahsulotlari yetkazib berishda muhim o‘rin tutadi.
Loyiha amalga oshirilsa, Qozog‘istonning agrosanoat majmuasiga uzoq muddatli investitsiyalar jalb qilinishi va mamlakatning mintaqadagi yirik go‘sht yetkazib beruvchi sifatidagi mavqei yanada mustahkamlanishi kutilmoqda. O‘zbekiston hozirning o‘zida Qozog‘iston go‘shtining asosiy xaridori hisoblanadi. 2025-yilda Qozog‘iston O‘zbekistonga 32 ming tonna mol go‘shti va 34 ming tonna qo‘y go‘shti eksport qilgan. Eksportning umumiy qiymati qariyb 300 million dollarni tashkil etgan. Qozog‘istonning jami go‘sht eksportining 90 foizdan ortig‘i O‘zbekiston hisobiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekistonda go‘shtga bo‘lgan talab o‘smoqda
O‘zbekistonda go‘shtga bo‘lgan talab aholi sonining o‘sishi tufayli yuqori. Mamlakatning yillik go‘shtga bo‘lgan ehtiyoji 2,15 million tonnaga yetgan, ichki ishlab chiqarish esa taxminan 1,6 million tonnani tashkil etadi. Hosil bo‘layotgan taqchillik import hisobiga qoplanmoqda.
Shu sababli Qozog‘iston geografik yaqinligi, rivojlangan logistikasi va ikki davlatning mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi tufayli O‘zbekiston uchun eng qulay hamkorlardan biri hisoblanadi.
Biznes-forum yakunida tomonlar ushbu tashabbusni muhokama qilishni davom ettirishga kelishib oldi. Pilot loyihaning aniq joylashuvi, yer ajratish shartlari va investorlarni loyihaga jalb qilish tartibi hozircha belgilanmagan.
Milliy statistika qo‘mitasining 2025 va 2026-yil birinchi yarmi uchun e’lon qilgan ma’lumotlari taqqoslanganda, O‘zbekistonda go‘sht yetishtirish 58,1 ming tonnaga yoki 4,3 foizga kamaygani ma’lum bo‘ldi. Qo‘mitaning yangi hisobotida esa 0,9 foizlik o‘sish qayd etilgan. Bunday tafovut qanday yuzaga kelgani izohlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish uchun 463 million dollar ajratilishi haqida xabar berilgandi.





