add

Aholi yashash joylariga yaqin «zapravka»lar ko‘chiriladi

Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida talablarga javob bermaydigan yonilg‘i quyish shoxobchalari 2026 yil 1 aprelgacha boshqa hududlarga ko‘chirilishi mumkin.

Aholi yashash joylariga yaqin «zapravka»lar ko‘chiriladi

«Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida baxtsiz hodisalarni oldini olish va inson hayotiga xavf soluvchi omillarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Mazkur qaror loyihasiga ko‘ra, 2026 yil 1 aprelgacha fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan, shaharsozlik, sanoat va yong‘in xavfsizligi me’yorlariga to‘liq javob bermaydigan yonilg‘i quyish shoxobchalari xavfsiz hududlarga ko‘chiriladi. Bu ishlar mahalliy hokimliklar va mutasaddi vazirliklar zimmasiga yuklatilgan.

Loyihaga muvofiq, shoxobchalarni ko‘chirish yoki buzish bilan bog‘liq xarajatlar qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi. Yangi joydagi shoxobchalarga infratuzilmasi mavjud bo‘lgan yer maydonlari ajratiladi. Agar shoxobcha faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, unga shu hududda boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan hisobotlarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 6 196 ta yonilg‘i shoxobchasi o‘rganilib, ularda jami 46 737 ta kamchilik aniqlangan.

Aniqlangan kamchiliklarning bir qismi bartaraf etilgan bo‘lsa-da, 464 ta shoxobchaning faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan. Hukumat loyihasida har yili shoxobcha xodimlarining bilim va malakasi tekshirilishi, yuqori bosimda ishlaydigan jihozlar belgilangan muddatlarda sinovdan o‘tkazilishi shartligi belgilangan.

Ushbu loyiha muhokamasi 2025 yil 11 noyabrga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 25 oktyabr kuni Chust tumanida ish faoliyati to‘xtagan yoqilg‘i quyish shoxobchasida chaqnash sodir bo‘lishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgani aytilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Aholi yashash joylariga yaqin «zapravka»lar ko‘chiriladi | Vaqt.uz