add

Alekseyevga suiqasdda gumonlangan shaxs Dubayda qo‘lga olindi

Bugun 19:402 daqiqa

Rossiya harbiy razvedkasi rahbar o‘rinbosariga uyushtirilgan hujum bo‘yicha asosiy gumonlanuvchi BAAda ushlanib, Moskvaga ekstraditsiya qilindi.

Alekseyevga suiqasdda gumonlangan shaxs Dubayda qo‘lga olindi

Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi rahbarining birinchi o‘rinbosari, general-leytenant Vladimir Alekseyevga nisbatan uyushtirilgan suiqasd ishi bo‘yicha asosiy gumonlanuvchi Dubay shahrida qo‘lga olindi va Rossiyaga topshirildi. Bu haqda The Moscow times xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs Rossiya fuqarosi, 66 yoshli Lyubomir Korba bo‘lib, u suiqasdning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijrochisi sifatida gumon qilinmoqda. Birlashgan Arab Amirliklari huquq-tartibot idoralari uni qo‘lga olib, rasmiy tartibda Moskvaga ekstraditsiya qilgan.

Tergov doirasida Moskvada yana bir gumonlanuvchi — 1959 yilda tug‘ilgan Viktor Vasin ham qo‘lga olingan. Shuningdek, 1971 yilda tug‘ilgan Zinaida Serebritskaya ushbu jinoyat ishiga aloqadorlikda gumonlanmoqda. Rossiya federal xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, u hozirda Ukraina hududiga chiqib ketgan. Maxsus xizmatlar ushbu shaxslarni suiqasdni tayyorlash va amalga oshirishda sherik sifatida baholamoqda.

Rossiya Tergov qo‘mitasi versiyasiga ko‘ra, Lyubomir Korba 1960 yilda Ternopol viloyatida tug‘ilgan va 2025 yil dekabrida Ukraina maxsus xizmatlarining ko‘rsatmasi bilan Moskvaga kelgan. Unga nisbatan terrorchilik harakatini amalga oshirish aybi qo‘yilmoqda. Viktor Vasinga esa qurol-yarog‘ning noqonuniy muomalasi hamda harbiy xizmatchining hayotiga tajovuz qilish moddalari asosida ayblov e’lon qilingan.

Suiqasd 6-fevral kuni ertalab Moskva shahri Volokolamskoye shossesida sodir etilgan. General Alekseyev uyidan chiqqanida, o‘zini oziq-ovqat yetkazib beruvchi sifatida ko‘rsatgan shaxs tomonidan hujumga uchragan. Qurolli to‘qnashuv vaqtida general qo‘l, oyoq va ko‘krak sohasidan yaralangan. Uning faol qarshiligi hujumni oxiriga yetkazishga yo‘l qo‘ymagan.

Jabrlanuvchi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan va 7-fevral kuni o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng hushiga kelgani ma’lum qilingan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mazkur hodisani «Kiyevning muzokaralar jarayonini izdan chiqarishga qaratilgan navbatdagi provokatsiyasi» sifatida baholadi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga esa Kiyevning ushbu suiqasdga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni qat’iy rad etdi.

Teglar

Mavzuga oid