Logo

Sun’iy intellekt eski samolyot dvigatellariga bo‘lgan talabni oshirib yubordi

Kecha 18:556 daqiqa

SI uchun ma’lumotlar markazlarining kengayishi elektr uskunalari bozorida taqchillikni kuchaytirdi. Kompaniyalar endi yangi turbinalarni kutish o‘rniga eski qurilmalarni qidirmoqda.

Sun’iy intellekt eski samolyot dvigatellariga bo‘lgan talabni oshirib yubordi © Foto: PROENERGY

Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida qurilayotgan ma’lumotlar markazlari elektr energiyasiga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda. Oqibatda ularni elektr bilan ta’minlovchi gaz turbinalariga ham ehtiyoj ortdi. Biroq ishlab chiqaruvchilar bu talabni to‘liq qondira olmayapti. Natijada energetika kompaniyalari, ma’lumotlar markazi loyihachilari va uskunalar yetkazib beruvchilar yangi turbinalarni kutish bilan cheklanmay, ishlatilgan yoki ta’mirlangan qurilmalarni ham qidirishga majbur bo‘lmoqda.

«Reuters» agentligining 9-noyabrda e’lon qilingan tahliliy materialida qayd etilishicha, AQSHda gaz turbinasiga buyurtma berilgach, uni yetkazib berish uchun o‘rtacha olti yil kutishga to‘g‘ri kelmoqda. «Wood Mackenzie» energetika konsalting kompaniyasi tahlilchisi Aurora Tenorioning ta’kidlashicha, AQSH bozorida uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar asosan 2030–2031 yillarga mo‘ljallanmoqda.

Muammo ko‘lami global buyurtmalar va ishlab chiqarish imkoniyatlari o‘rtasidagi tafovutda yaqqol ko‘zga tashlanadi. «Wood Mackenzie» ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil oxirida dunyo bo‘yicha gaz turbinalariga berilgan buyurtmalar hajmi 110 GVt.ga yetgan, global ishlab chiqarish quvvati esa yiliga bor-yo‘g‘i 60–70 GVt atrofida bo‘lgan.

«Wood Mackenzie»ning 2026 yil 1-apreldagi hisobotida ham bozordagi mazkur nomutanosiblik qayd etilgan. Unda gaz turbinalari narxi 2027 yil oxiriga borib har bir kilovatt uchun 600 dollarga yetishi prognoz qilingan. Bu 2019 yilga nisbatan 195 foizlik o‘sish deganidir. Kompaniya tahlilchilariga ko‘ra, turbinalarni yetkazib berishdagi olti yillik kutish muddati va ishlab chiqaruvchilarning buyurtmalar bilan to‘lib toshgani yangi elektr stansiyalari loyihalariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Masalan, «Reuters» keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHdagi ma’lumotlar markazlarining o‘zi 2026 yilda gaz turbinalari yordamida qoplanishi kerak bo‘lgan qariyb 17 GVt elektr quvvatiga ehtiyoj sezmoqda. «Jefferies» investitsiya banki tahlilchilari esa bu talab 2028 yilga borib uch barobardan ko‘proqqa oshishi mumkinligini hisoblab chiqqan.

Nega ma’lumotlar markazlariga shuncha elektr energiyasi kerak?

Ma’lumotlar markazi — internet xizmatlari, bulutli platformalar, raqamli mahsulotlar va sun’iy intellekt tizimlarining ishlashini ta’minlovchi serverlar joylashadigan yirik infratuzilma majmuasi hisoblanadi. Sun’iy intellekt modellarini o‘qitish va ulardan foydalanish ham aynan shu markazlarda amalga oshiriladi.

Ularning elektr energiyasiga ehtiyoji faqat serverlarning ishlashi bilan cheklanib qolmaydi. Uskunalarni sovitish va infratuzilmaning uzluksiz faoliyatini ta’minlash uchun ham juda ko‘p quvvat talab etiladi. Shu sababli ma’lumotlar markazlarida elektr ta’minotining uzilishi yoki quvvat tanqisligi ularning ishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘diradi.

Xalqaro energetika agentligining 2026 yilda e’lon qilingan «Key Questions on Energy and AI» (Energiya va sun’iy intellekt bo‘yicha asosiy savollar) hisobotida keltirilishicha, ma’lumotlar markazlarining global elektr iste’moli 2025 yilda 485 teravatt-soatni tashkil etgan. Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2030 yilga borib 950 teravatt-soatga yetishi mumkin. Ya’ni, besh yil ichida qariyb ikki barobar o‘sish kutilmoqda.

Hisobotda qayd etilishicha, 2025 yilda ma’lumotlar markazlarining umumiy elektr iste’moli 17 foizga oshgan, sun’iy intellektga ixtisoslashgan markazlarda esa bu ko‘rsatkich 50 foizni tashkil qilgan. Xalqaro energetika agentligi (IEA) prognoziga ko‘ra, 2030 yilgacha aynan sun’iy intellekt markazlarining elektr iste’moli boshqa markazlarga qaraganda ancha tezroq o‘sadi.

Samolyot dvigateli qanday qilib elektr generatoriga aylanadi?

Bozordagi eng noodatiy yechimlardan biri — ilgari samolyotlarda ishlatilgan dvigatellarni elektr energiyasi ishlab chiqarishga moslashtirishdir. Bunda ishlatilgan samolyot dvigatelini shunchaki elektr tarmog‘iga ulab qo‘yish nazarda tutilmagan. Dvigatelning asosiy qismlari qayta ishlanadi va elektr generatorini harakatga keltirish uchun maxsus moslashtiriladi.

AQSH Energetika vazirligi gaz turbinalarini ikki asosiy turga ajratadi: og‘ir sanoat turbinalari va aviatsiya dvigatellari asosida ishlab chiqarilgan (aeroderivative) turbinalar. Ikkinchi tur samolyot dvigatellari texnologiyasiga asoslanadi va nisbatan ixcham tuzilishga ega. Vazirlikning gaz turbinalari ishlash mexanizmiga oid izohida bu qurilmalarning qanday ishlashi batafsil tushuntirilgan.

Jarayonning texnik mohiyati quyidagicha: turbina tashqi havoni kompressor yordamida siqadi, siqilgan havo yonish kamerasiga uzatiladi va u yerda yoqilg‘i bilan aralashib yonadi. Hosil bo‘lgan yuqori haroratli gaz oqimi turbina parraklarini aylantiradi. Turbina esa, o‘z navbatida, generatorni harakatga keltirib, elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Aviatsiya dvigatellarini shunday qurilmalarga aylantirish bilan shug‘ullanuvchi korxonalardan biri AQSHning «ProEnergy» kompaniyasidir.

«Data Center Dynamics» nashrining 2025 yil 22-oktabrdagi xabarida yozilishicha, kompaniyaning PE6000 gaz turbinalari eski CF6-80C2 samolyot dvigatellarining asosiy qismlaridan foydalangan holda yig‘iladi. Bunda eski dvigatelga yangi aviatsiya turbinasi qismlari, tayanch konstruksiyalari va boshqaruv tizimlari o‘rnatiladi. Dvigatel konstruksiyasi ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr generatorini aylantirishga moslashtiriladi.

CF6-80C2 dvigatellari avval «Boeing 747-400», «Boeing 767», «MD-11» hamda «Airbus A300» va «A310» kabi yirik samolyotlarda qo‘llanilgan.

«Data Center Dynamics» ma’lumotlariga ko‘ra, «ProEnergy» tomonidan ishlab chiqilgan bunday qurilmalarning ayrimlari 48 MVt.gacha elektr ishlab chiqarish quvvatiga ega. Kompaniya vakilining bildirishicha, o‘sha paytda ikkita ma’lumotlar markazi loyihasi uchun umumiy quvvati 1 GVt.dan ortiq bo‘lgan 21 ta turbina sotilgan. Bu qurilmalar ma’lumotlar markazlari asosiy elektr tarmog‘iga to‘liq ulangunga qadar, ya’ni besh-yetti yil davomida asosiy elektr manbasi sifatida ishlashi ko‘zda tutilgan.

Ushbu uskunalarning keyingi taqdiri ham oldindan rejalashtirilgan: ma’lumotlar markazi asosiy tarmoqqa ulangach, turbinalardan zaxira elektr manbasi sifatida foydalanish, ularni mahalliy elektr ta’minoti korxonalariga sotish yoki tarmoqqa qo‘shimcha energiya yetkazib berishga yo‘naltirish mumkin.

Bu esa bir paytlar samolyotlarda parvoz qilgan dvigatellarni yangi energetika infratuzilmasiga jalb etishning noyob imkoniyatini ko‘rsatadi.

650 megavattlik buyurtma va ishlatilgan turbinalar bozori

Mazkur yo‘nalish faqatgina tajriba yoki kichik loyihalar doirasida cheklanib qolmayapti. 2026 yil aprel oyida AQSHda sun’iy intellekt infratuzilmasi bilan shug‘ullanuvchi «Crusoe» kompaniyasi «ProEnergy» bilan yirik buyurtma bo‘yicha kelishuvga erishdi.

«ProEnergy»ning 2026 yil 16-apreldagi rasmiy xabariga ko‘ra, «Crusoe» uchun 13 ta «PE6000» aeroderivativ gaz turbina-generator majmuasi yetkazib beriladi. Har bir qurilmaning elektr ishlab chiqarish quvvati 50 MVt bo‘lib, ularning umumiy quvvati 650 MVt.ni tashkil etadi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ushbu qurilmalar «Crusoe»ning AQSHdagi yirik ma’lumotlar markazlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi. «Reuters» agentligi ham 9-noyabrdagi materialida ayni shu 13 ta turbina buyurtmasini tilga olib o‘tgan.

Shu bilan birga, bozorning yana bir muhim yo‘nalishi — ishlatilgan va qayta ta’mirlangan gaz turbinalari xaridi hisoblanadi. «Reuters» bilan suhbatlashgan uskunalar bozoridagi vositachilar va servis kompaniyalari vakillari bunday qurilmalarga qiziqish keskin ortganini tasdiqlagan.

Jumladan, AQSHda energetika uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatuvchi «Sulzer» kompaniyasining Shimoliy Amerika bo‘yicha ikkilamchi bozor yo‘nalishi rahbari Darayus Pardivala ma’lumotlar markazlaridan ishlatilgan gaz turbinalarini izlash bo‘yicha har bir necha haftada yangi so‘rovlar kelib tushayotganini aytgan.

Narxlar ham bu bozorning jozibadorligini yaqqol tushuntiradi. «Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra:

  • Yaxshi saqlangan, ishlatilgan gaz turbinalarining bir megavatt quvvati o‘rtacha 1,5–1,7 million dollarga baholanmoqda.

  • Qayta ta’mirlangan qurilmalarda bu ko‘rsatkich 1,3 million dollar atrofida.

  • Yangi turbinalarning bir megavatt quvvati esa 2–2,5 million dollarga tushishi mumkin.

Bu raqamlarni «Origin Partners» kompaniyasi boshqaruvchi hamkori Zak Machuka va «Aurora Energy Research» ma’lumotlari asosida «Reuters» keltirgan.

Maqolada kichikroq turbinalar bozoridagi o‘ziga xos bitim ham misol tariqasida berilgan. «ReflowX» kompaniyasi bosh direktori Den Pulning ma’lum qilishicha, «Solar Turbines» tomonidan ishlab chiqarilgan, har biri 14,5 MVt quvvatga ega ikkita turbina yaqinda umumiy hisobda 12,5 million dollarga sotilgan. Bu bir megavatt quvvat uchun qariyb 430 ming dollar sarflandi, deganidir.

Pulning ta’kidlashicha, bunday uskunalarning yangisi taxminan 35 million dollarga tushishi va ularni yetkazib berish kamida besh yilgacha vaqt olishi mumkin edi.

«Reuters» materialida keltirilgan bu misollar yangi uskunalarni uzoq kutish va ishlatilgan qurilmalarni tezkor xarid qilish o‘rtasidagi ulkan iqtisodiy farqni ko‘rsatib beradi.

Teglar

Mavzuga oid