Logo

O‘zbekistondagi OAVlarning 67 foizi xususiy kapital hissasiga to‘g‘ri kelishi aytildi

Kecha 17:052 daqiqa

Mamlakatda internet qamrovi 94 foizga yetgan. 2017 yilda faol kontent iste’molchilari soni 14,7 mln kishini tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 32,7 mln kishidan oshgan.

O‘zbekistondagi OAVlarning 67 foizi xususiy kapital hissasiga to‘g‘ri kelishi aytildi © Rasmiy axborot

Toshkentda o‘tkazilayotgan III O‘zbekiston – Rossiya mediaforumida prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari faoliyati, internet qamrovi va axborot xavfsizligi masalalari haqida ma’lumot berdi.

Uning aytishicha, hozirda mamlakatda 2,7 mingtaga yaqin ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 67 foizi xususiy kapital hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, mamlakatda internet qamrovi 94 foizga yetgan. 2017 yilda faol kontent iste’molchilari soni 14,7 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 32,7 milliondan oshgan.

Prezident matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda nashriyot tarmog‘ida ishlab chiqarish hajmi ikki barobar oshgan. Shu davrda 15 ming nomdagi kitob umumiy adadi 60 million nusxadan oshgan holda chop etilgan.

Bundan tashqari, yil davomida Kontent markazi tomonidan tayyorlangan 26 mingdan ortiq mediamahsulot qariyb 2 milliard marta tomosha qilingan. Shuningdek, Markaziy Osiyoda ilk bor Milliy mediabank ishga tushirilib, O‘zbekiston haqidagi o‘n minglab foto va videomateriallar ochiq foydalanish uchun taqdim etilgan.

Sherzod Asadov sun’iy intellekt rivojlanib, feyk va dipfeyklar hajmi yil sayin ikki barobarga ortib borayotgan bir vaqtda axborot manipulyatsiyasiga qarshi turish nafaqat tahririyatlar, balki milliy xavfsizlik darajasidagi masalaga aylanganini alohida ko‘rsatib o‘tdi.

«Hech bir milliy media tizimi bunday chaqiriqqa qarshi yolg‘iz o‘zi kurasha olmaydi. Shu nuqtai nazardan, tarqatilayotgan axborotning haqqoniyligi va uni jamoatchilik fikrini boshqarish yo‘lida suiiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun medianing mas’uliyati beqiyosdir. Turli dezinformatsiya va axborot hujumlari davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida tushunmovchilik hamda ixtilof paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmasligi kerak.

So‘z ixtilof emas, balki o‘zaro anglashuv manbai bo‘lishi lozim. Zamonaviy medianing birlashtiruvchi missiyasi aynan shunda — jamiyatlarimiz bir-birini yaxshiroq tushunishiga va do‘stona rishtalarni mustahkamlashga xizmat qilishdir», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbek jurnalistikasiga nima yetishmayotganiga to‘xtalgan edik.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistondagi OAVlarning 67 foizi xususiy kapital hissasiga to‘g‘ri kelishi aytildi | Vaqt.uz