Instagram blogerlarga YouTube videolari uchun $500 minggacha to‘lamoqchi
Instagram YouTube bilan raqobat uchun 90 daqiqalik videolarni sinovdan o‘tkazmoqda. Ayrim blogerlarga video uchun $50 mingdan $500 minggacha taklif qilinmoqda.
© vkplay.ruInstagram uzun formatdagi videolar bozorida YouTube bilan raqobatlashish maqsadida yangi «Features» formatini ishga tushirmoqda va mashhur kontent mualliflariga 500 ming dollargacha bo‘lgan ììshartnomalarni taklif etmoqda. Kompaniya qisqa roliklardan tashqari, o‘zining TV-ilovalari va asosiy platformasi uchun uzun gorizontal videolarni joylashtirishni rejalashtirgan.
2018 yilda Instagram vertikal uzun videolar uchun alohida IGTV ilovasini ishga tushirgan edi. Biroq IGTV auditoriyani YouTube va TikTok’dan tortib ola bilmadi hamda 2022 yilda yopildi.
2021 yilda Meta kompaniyasi IGTV va tasmadagi videolarni birlashtirib, yagona «Instagram Video» formatini yaratdi, keyinchalik bu yo‘nalish o‘rnini to‘liq Reels egalladi. Hozirgi strategiya alohida ilova yaratishga emas, balki uzun videolarni Instagram’ning mavjud ekosistemasi va TV-kliyentlariga integratsiya qilishga qaratilgan.
Hozirga kelib Instagram’da «Features» formati uchun reklama daromadlarini taqsimlashning aniq modeli hali joriy etilmagan. Meta vakillari TechCrunch nashriga uzun muddatli monetizatsiya modelini e’lon qilish uchun «hali erta» ekanini ma’lum qildi.
The Hollywood Reporter bilan suhbatda kompaniya agar mualliflarning reklama beruvchilar bilan aloqasi bo‘lmasa, ularga brend-hamkorlar topishda yordam berishini bildirdi. Gorizontal roliklar Instagram’ning odatdagi mobil ilovasida mavjud bo‘ladi, ammo Meta ushbu format orqali auditoriyaning bir qismini televizorlar uchun mo‘ljallangan ilovalarga o‘tkazishni maqsad qilgan.
2025 yilda platformaning ilk TV-ilovasi — Fire TV uchun Reels versiyasi chiqarilgan edi. Endilikda ushbu ro‘yxatga Apple TV ilovasi ham qo‘shilmoqda. Ilgariroq Instagram Samsung televizorlari va Google TV qurilmalarida paydo bo‘lgan edi. Foydalanuvchilar uzun videolarni telefonga saqlashlari yoki televizorga uzatishlari (strim qilishlari) mumkin.
Instagram videoni yuklash interfeysi yoki uzun videolar tasmada qanday ko‘rinishi (prevyu, avto-ijro, ovoz rejimi) haqida tafsilotlarni hali ochiqlamadi. Buning rasmiy sababi sifatida 3 daqiqadan uzun bo‘lgan Reels yangi auditoriyaga tavsiya etilmasligi ko‘rsatilgan.
Kompaniyaning shoshilinch qaror qabul qilishiga asosiy sabablardan biri — raqamlar: platformada qisqa roliklar shaxsiy xabarlarda kuniga 4,5 milliard marotaba bir-biriga uzatiladi. Uchinchi chorak hisobotida Mark Sukerberg foydalanuvchilarning platformadagi faolligi rekord darajaga yetganini va bu asosan videokontent hisobiga ekanini ta’kidladi.
Meta vakili Layons TechCrunch’ga bergan intervyusida Reels «baribir Instagram’ning asosiy qismi bo‘lib qolishini» aytdi. «Features» formati Reels ortida joylashishi va qisqa kliplar to‘liq video uchun treyler vazifasini bajarishi rejalashtirilgan.





