Logo

Plastik va virtual kartalar: qaysi banklarda ularni bepul olish mumkin?

Bugun 13:565 daqiqa

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan banklarning aksariyati mijozlarga milliy va xalqaro to‘lov tizimlariga tegishli kartalarni bepul chiqarishni taklif qilmoqda. Ular orasida UZCARD va HUMO bilan birga Visa, Mastercard hamda UnionPay kartalari ham bor.

Plastik va virtual kartalar: qaysi banklarda ularni bepul olish mumkin? © vaqt.uz

O‘zbekistonda 30 dan ortiq bank aholiga plastik va virtual bank kartalarini bepul rasmiylashtirish imkoniyatini taklif qilmoqda. Biroq barcha kartalar uchun shartlar bir xil emas: ayrimlarini faqat mobil ilova orqali buyurtma qilish, boshqalarini esa ish haqi yoki ijtimoiy to‘lovlar uchun ochish mumkin.

Biroq kartaning bepul chiqarilishi undan foydalanish ham bepul degani emas. Ayrim banklarda karta ochish uchun haq olinmasa-da, unga oylik yoki yillik xizmat haqi belgilangan. Ba’zi kartalarni bepul olish uchun esa hisobda muayyan miqdorda mablag‘ saqlash yoki ularni faqat mobil ilova orqali buyurtma qilish talab etiladi.

Materialda aynan qaysi banklardan plastik va virtual kartalarni bepul rasmiylashtirish mumkinligi hamda buning uchun qanday shartlar belgilanganini ko‘rib chiqamiz.

Qaysi banklarda kartani bepul olish mumkin?

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan banklarning aksariyati mijozlarga milliy va xalqaro to‘lov tizimlariga tegishli kartalarni bepul chiqarishni taklif qilmoqda. Ular orasida UZCARD va HUMO bilan birga Visa, Mastercard hamda UnionPay kartalari ham bor. Ayrim banklarda plastik va virtual kartalarni bir vaqtda bepul olish mumkin.

Bank nomi

Plastik kartalar

Virtual kartalar

O‘zmilliybank

UZCARD Moment, UZCARD

UZCARD Virtual

Agrobank

Visa Classic, Uzcard Moment

Visa Virtual, HUMO Virtual, UZCARD Virtual

SQB

UZCARD, HUMO

UZCARD Virtual, HUMO Virtual, Visa Virtual

Asakabank

Visa Red, Mastercard Platinum, Mastercard World

Mastercard Virtual, HUMO Virtual

Xalq banki

Visa Classic(rezidentlar) , UZCARD, HUMO

—

BRB

UZCARD, HUMO, UZCARD–UnionPay

UZCARD Virtual, HUMO Virtual

Aloqabank

Innova Card (Visa Platinum)

Visa Virtual, HUMO Virtual

MKBank

UZCARD, HUMO

—

Turonbank

UZCARD, HUMO

UZCARD Virtual

Kapitalbank

Visa Gold UZS, Visa Gold USD, Mastercard Gold EUR, Mastercard Gold UZS, Visa Gold Kids, Mastercard Sum (Braille), Visa Gold (Braille), Visa Platinum (Braille), Visa Infinite Veneer, Mastercard World Elite Metal Edge, Mastercard Black Edition, Visa Infinite Metal Edge

Visa Virtual

Ipoteka-bank

Moment, Junior UZCARD, Junior HUMO

HUMO Virtual

Hamkorbank

UZCARD Moment, Visa So‘m, Visa Classic, UnionPay Classic, HUMO

Visa Virtual, HUMO Virtual

Ipak Yo‘li banki

Visa Start, Visa Start Sum, Visa Kids, Woman Card, Visa PUBG MOBILE, UZCARD Duo, HUMO, Imkoniyatlar kredit kartasi

Visa Virtual, Mastercard Virtual

Orient Finans Bank

OFB Moment, UZCARD, HUMO, Visa Classic, Mastercard Standard, Visa Platinum

UZCARD Virtual, Mastercard Virtual, Visa Virtual

TBC Bank

TBC Salom Visa

TBC Visa Virtual

ANORBANK

Mastercard Milliy, Mastercard Anor Black, UZCARD Duo, UZCARD Kids, HUMO Tria

Mastercard Virtual

InFinBank

Visa Classic Zero, Visa Platinum Zero

Visa Virtual

Trastbank

UZCARD, HUMO, UZCARD Kids, UZCARD Talaba, UZCARD kobeyj, HUMO kobeyj, HUMO Multicard

—

KDB Bank Uzbekistan

Visa Classic UZS

—

Davrbank

Mastercard Momentum, Mastercard Standard, UZCARD–UnionPay, HUMO–Visa

UZCARD Virtual, HUMO Virtual

Asia Alliance Bank

UZCARD Junior, HUMO Junior, Visa Junior, Mastercard Junior, UZCARD Moment

UZCARD Virtual, HUMO Virtual, Visa Virtual, Mastercard Virtual

Tenge Bank

UZCARD Moment, Mastercard World, Visa Platinum, Visa Infinite, Mastercard Black Edition

—

Octobank

Visa Classic

Visa Virtual UZS, Visa Virtual USD, Mastercard Virtual UZS, Mastercard Virtual USD

Universalbank

UZCARD, UZCARD Moment, Visa Classic UZS, Visa Classic USD, Visa Infinite

—

Garant bank

UZCARD Moment

—

Openbank

HUMO–Visa

—

Uzum Bank

Uzum plastik kartasi

Uzum Virtual

Ziraat Bank Uzbekistan

UZCARD, HUMO

—

Poytaxt bank

UZCARD Duo, HUMO

—

APEX BANK

—

Visa Virtual

AVO Bank

—

AVO UZCARD Digital

Tayanch mikromoliya banki

UZCARD

—

Bepul karta olish uchun qanday shartlar bor?

Banklarda kartani bepul rasmiylashtirish imkoniyati mavjud bo‘lsa-da, ayrim takliflar muayyan shartlar bilan cheklangan. Ba’zi kartalar faqat ish haqi, pensiya yoki ijtimoiy to‘lovlar uchun ochiladi. Boshqalarini esa mobil ilova orqali buyurtma qilish yoki hisobda belgilangan miqdorda mablag‘ saqlash talab etiladi.

Ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar uchun ochiladigan kartalar

«O‘zmilliybank», SQB, «Xalq banki», «Biznesni rivojlantirish banki», «Mikrokreditbank», «Turonbank», «Trastbank», «Ziraat Bank Uzbekistan» va «Poytaxt bank»da ayrim UZCARD hamda HUMO kartalari ish haqi, pensiya, stipendiya yoki ijtimoiy to‘lovlar uchun bepul rasmiylashtiriladi.

«Biznesni rivojlantirish banki»da UZCARD, HUMO, UZCARD–UnionPay kartalari ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar uchun bepul beriladi. Trastbankda esa ayrim kobeyj kartalar ham tegishli to‘lov loyihalari doirasida bepul beriladi.

Bu holatda kartani oddiy tartibda ochish bilan ish haqi yoki ijtimoiy to‘lov loyihasi orqali olish shartlarini farqlash kerak. Bepul rasmiylashtirish imkoniyati aynan tegishli loyiha doirasida amal qiladi.

Ilova orqali buyurtma qilish talab etiladigan kartalar

Ayrim banklarda kartani bepul olish uchun buyurtmani mobil ilova yoki onlayn kanal orqali berish kerak. Masalan, «Hamkorbank»da HUMO kartasi ilova orqali buyurtma qilinganda bepul chiqariladi.

«Ipak Yo‘li bank»da UZCARD Duo va HUMO, «Orient Finans Bank»da esa UZCARD, HUMO, Visa Classic, Mastercard Standard va Visa Platinum kartalariga ilova orqali buyurtma berish mumkin.

«Tayanch mikromoliya banki»da UZCARD kartasini «Tayanch» mobil ilovasi orqali buyurtma qilish mumkin. Uni filialdan olib ketish ham bepul. «TBC Bank» esa birinchi plastik kartani chiqarish va mijozga yetkazib berish uchun haq olmaydi.

Ayrim takliflar ma’lum muddatgacha amal qiladi

Ba’zi banklarning bepul karta chiqarish takliflari ma’lum muddatga mo‘ljallangan. Jumladan, «Ipoteka-bank»da Moment kartasini 2026-yil 30-noyabrgacha, «Asia Alliance Bank»da UZCARD Moment kartasini esa 31-dekabrgacha bepul rasmiylashtirish mumkin.

«Anorbank»da Mastercard Virtual kartasini 31-dekabrgacha mobil ilova orqali bepul ochish taklifi mavjud. Bu muddatlar tugagach, kartani chiqarish shartlari o‘zgarishi mumkin.

Minimal mablag‘ va depozit talablari

Ayrim kartalarda chiqarish haqi olinmasa-da, hisobda muayyan miqdorda mablag‘ saqlash talab etiladi. Masalan, «InFinBank»ning Visa Classic Zero va Visa Platinum Zero kartalarida belgilangan minimal qoldiq saqlanmasa, oylik xizmat haqi undiriladi.

«Octobank»ning Visa Classic kartasida ham minimal qoldiq sharti bor. «Asia Alliance Bank»ning ayrim xalqaro Junior kartalarini rasmiylashtirish uchun esa minimal depozit talab qilinadi.

Maxsus shartlar asosida beriladigan kartalar

«Kapitalbank» taklif qilayotgan ayrim premium kartalar, jumladan Visa Infinite va Mastercard World Elite turkumidagi kartalar maxsus dastur yoki mijoz maqomiga bog‘liq. Shu sababli ularni barcha mijozlar bir xil shartlarda bepul rasmiylashtira olmaydi.

Shuni ham unutmaslik kerakki, kartani chiqarish bepul bo‘lishi undan foydalanish ham bepul degani emas. Banklar oylik yoki yillik xizmat ko‘rsatish, pul o‘tkazmalari va naqd pul yechish uchun alohida haq belgilashi mumkin. Shu bois kartani tanlashdan oldin uning amaldagi tariflari va shartlarini tekshirish lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank banklarga bir bank tomonidan chiqarilgan kartalar o‘rtasidagi to‘lovlarni o‘z infratuzilmasida, uchinchi tomon ishtirokisiz qayta ishlash imkonini beruvchi tartibni tasdiqlagandi. Yangi tartib 2026-yil 27-noyabrdan kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid