2040-yil uchun jahon iqtisodiyoti prognozi: qaysi davlatlar kuchayadi?
Global iqtisodiyot hajmi 2026-yildagi 124 trln dollardan 2040-yilga borib 227 trln dollarga yetadi. Bu qariyb 83 foizga o‘sishni anglatadi. Natijada dunyoning yetakchi iqtisodiyotlari o‘rtasidagi kuchlar nisbati ham o‘zgaradi.
© forexgdp.com2040-yilga borib jahon iqtisodiyoti hajmi 2026-yildagi 124 trillion dollardan 227 trillion dollarga yetadi. Bu jahon iqtisodiyoti qariyb 83 foizga o‘sishini anglatadi. Xitoy AQSHga ancha yaqinlashadi, Osiyo mamlakatlarining jahon iqtisodiyotidagi ulushi esa ortib boradi.
«Visual Capitalist» infografikasida 2040-yilga borib dunyoning 190 ta mamlakati va hududi iqtisodiyoti hajmi qanday bo‘lishi prognoz qilingan. Ma’lumotlar Iqtisodiyot va biznes tadqiqotlari markazi (Cebr) tomonidan tayyorlangan «World Economic League Table 2026» hisobotiga asoslangan. Undagi ko‘rsatkichlar mamlakatlarda bir yil davomida ishlab chiqarilgan barcha tovar va xizmatlarning umumiy qiymatini, ya’ni nominal yalpi ichki mahsulotni (YAIM) AQSH dollarida ifodalaydi. Bunda inflatsiya, ya’ni narxlarning oshishi hisobga olinmagan.
«Cebr» hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yilda AQSH jahon iqtisodiyotining qariyb 26 foizini tashkil etadi. Mamlakat YAIM hajmi 31,6 trillion dollarga teng. Xitoyning jahon iqtisodiyotidagi ulushi esa 17 foizni, YAIM hajmi 20,9 trillion dollarni tashkil qiladi.
2040-yilga borib dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti — AQSH va Xitoy o‘rtasidagi farq ancha qisqarishi kutilmoqda. Agar 2026-yilda bu farq 10,7 trillion dollarni tashkil etsa, 2040-yilda taxminan 5 trillion dollargacha kamayadi. AQSH 52,9 trillion dollarlik YAIM bilan dunyoda birinchi o‘rinni saqlab qoladi. Xitoy esa 47,9 trillion dollar bilan ikkinchi o‘rinda bo‘ladi. Shu bilan birga, Xitoyning jahon iqtisodiyotidagi ulushi 17 foizdan 21 foizga oshishi, AQSH ulushi esa 26 foizdan 23 foizga kamayishi prognoz qilinmoqda.
Shuni ta’kidlash kerakki, Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) ma’lumotlariga ko‘ra, xarid qobiliyati pariteti (XQP) bo‘yicha Xitoy 2026-yilning o‘zidayoq dunyodagi eng yirik iqtisodiyot hisoblanadi. Ushbu ko‘rsatkich mamlakatlardagi narxlar va pulning xarid qobiliyati o‘rtasidagi farqni hisobga oladi.
Xitoyning iqtisodiy jihatdan kuchayishi jahon iqtisodiyoti markazining Osiyo tomon siljishining bir qismi hisoblanadi. Prognozlarga ko‘ra, Osiyoning jahon iqtisodiyotidagi ulushi 2026-yildagi 32 foizdan 2040-yilga borib 39 foizga yetadi.

Ayni paytda Yevropaning jahon iqtisodiyotidagi ulushi 26 foizdan 21 foizga, Shimoliy Amerikaning ulushi esa 30 foizdan 27 foizga kamayishi kutilmoqda.
AQSH dunyodagi eng yirik milliy iqtisodiyot maqomini saqlab qolishi kutilayotgan bo‘lsa-da, Xitoy, Hindiston va Indoneziyaning jadal rivojlanishi Osiyoning jahon savdosi, iste’mol bozori va investitsiyalaridagi ahamiyatini yanada oshiradi.
Hindiston 2026-yildagi to‘rtinchi o‘rindan 2040-yilga borib uchinchi o‘ringa ko‘tarilishi kutilmoqda. Shu davrda mamlakat iqtisodiyoti 4,5 trillion dollardan 14,1 trillion dollarga yetib, uch barobardan ko‘proq o‘sadi. Natijada Hindiston YAIM hajmi Germaniya (7,8 trillion dollar) va Yaponiya (5,9 trillion dollar) iqtisodiyotlarining umumiy hajmidan ham oshib ketadi.
«Cebr» mutaxassislarining ta’kidlashicha, yirik ishlab chiqaruvchi kompaniyalar Xitoyga qaramlikni kamaytirish va ishlab chiqarish zanjirlarini boshqa mamlakatlarga ko‘chirishga intilayotgani Hindiston uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda. Bunga misol sifatida «Apple» kompaniyasining Hindistondagi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishini keltirish mumkin.
Germaniya va Yaponiya esa iqtisodiyoti o‘sishda davom etishiga qaramay, dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari reytingida pastlaydi. 2040-yilga borib Germaniya uchinchi o‘rindan to‘rtinchi o‘ringa, Yaponiya esa beshinchi o‘rindan oltinchi o‘ringa tushishi kutilmoqda. Bunga boshqa mamlakatlar, xususan, Hindiston va Buyuk Britaniya iqtisodiyotining tezroq o‘sishi sabab bo‘ladi. Buyuk Britaniya Yaponiya iqtisodiyotidan o‘zib ketishi prognoz qilinmoqda.
Indoneziya esa reytingda yanada yuqoriga ko‘tariladi. Mamlakat 2026-yildagi 17-o‘rindan 2040-yilga borib sakkizinchi o‘ringa chiqishi kutilmoqda. Uning YAIM hajmi 4,2 trillion dollarga yetib, 3,8 trillion dollarlik Italiya iqtisodiyotidan oshib ketadi. Natijada Italiya dunyoning eng yirik 10 ta iqtisodiyoti qatoridan chiqib ketadi.
Rossiya esa 2040-yilga borib 3,2 trillion dollarlik YAIM bilan dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari reytingida 16-o‘rinni egallashi prognoz qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq jahon qarzi YAIMning 100 foiziga yaqinlashishini yozgan edik. Hukumatlarga qarz yukini ushlab turishga yordam bergan arzon pullar va tez iqtisodiy o‘sish davri yakunlanmoqda.





