Davlat xaridlarida eng arzon mahsulotni tanlash amaliyoti o‘zgaradi
Xalqaro tenderlarda bank kafolatini olish tartibi tadbirkorlar uchun qiyinchilik tug‘dirayotgani aytildi. Banklarga korxonalarning moliyaviy holatini baholash asosida kafolat berishning soddalashtirilgan tartibini ishlab chiqish va tadbirkorlarga e’lon qilish topshirildi. Qolaversa, banklar tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ayrim texnikalar xaridi uchun yillik 18 foiz stavkaga iste’mol kreditlari ajratish rejalashtirilmoqda.
© xarid.uzex.uzDavlat xaridlarida faqat eng arzon narxga qarab mahsulot tanlash amaliyoti qayta ko‘rib chiqiladi. Chunki arzon import mahsulotning keyingi ekspluatatsiya xarajatlari ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Aytilishicha, nazorat xaridi doirasida o‘rganilgan ikkita 40 kilovattli transformatordan import mahsulot mahalliysidan 400 ming so‘m arzon bo‘lgan. Ammo uning elektr energiyasining sarfi 10 foizga, foydalanish davridagi ta’mirlash xarajati esa to‘rt barobarga yuqoriligi aniqlangan.
Shu sabab davlat xaridlarida mahsulotning butun xizmat muddati davomidagi xarajatlarni baholash tizimi — «life cost» yondashuvi joriy etiladi. Bunda xarid narxi bilan birga elektr sarfi, ta’mirlash, servis va foydalanish xarajatlari ham hisobga olinadi.
Davlat xaridlari doirasida O‘zbekistonda har yili 10 trillion so‘mlik elektrotexnika mahsulotlari sotib olinadi. Ilgari tadbirkorlar davlat korxonalarining buyurtmalarini to‘rt-beshta alohida platforma orqali kuzatishga majbur edi. Endi barcha davlat buyurtmalari bitta platformada aks ettiriladigan tizim joriy qilindi.
Bundan tashqari, 1-yanvardan davlat xaridlari bo‘yicha uch yillik rejalarni oldindan e’lon qilish boshlanadi. Prezident matbuot kotibining yozishicha, bu tadbirkorlarga talabni oldindan bilib, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi uskunalar xarid qilish va investorlar jalb etish imkonini beradi.
Podstansiya, transformator, elektr shkaflari va yuqori kuchlanishli kabellar ishlab chiqarayotgan korxonalar qurilish-montaj xizmatlarini ham taklif etayotgani, ammo «Shaffof qurilish» platformasida energetika loyihalari pudratchilariga bino qurilishidagi kabi talablar qo‘yilayotgani, lekin bu sohaning texnologik xususiyatlarini yetarlicha inobatga olmasligi aytildi.
Shu bois, davlat rahbari mas’ullarga bir oyda «Shaffof qurilish» tizimida energetika loyihalari uchun alohida maydoncha tashkil etish, pudratchilarga qo‘yiladigan talablarni ushbu yo‘nalish xususiyatlariga moslashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Chet davlat xaridlari
O‘zbekiston elektrotexnika korxonalari xorijiy davlat xaridlarida ham ishtirok etish bo‘yicha tajriba to‘plamoqda. Jumladan, «NURA Electric» korxonasi Kambodjada 2 million dollarlik tenderda g‘olib bo‘lgan.
Biroq yirik xalqaro tenderlarda bank kafolatini olish tartibi tadbirkorlar uchun qiyinchilik tug‘dirayotgani aytildi. Masalan, 10 million dollarlik kafolat uchun shunga mos garov ta’minoti talab etiladi.
Prezident ishlab chiqarish tajribasi, barqaror aylanmasi va moliyaviy imkoniyati bo‘lgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi. Banklarga korxonalarning moliyaviy holatini baholash asosida kafolat berishning soddalashtirilgan tartibini ishlab chiqish va bir oyda tadbirkorlarga e’lon qilish topshirildi.
Mahalliy elektrotexnika mahsulotlariga ichki bozorda talabni rag‘batlantiruvchi yangi mexanizmlar joriy etiladi.
Qayd etilishicha, hozir energetika sohasidagi xususiy sheriklik loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushi kamida 25 foiz, kabel mahsulotlari bo‘yicha esa 70 foiz bo‘lishi talabi mavjud. Endi alohida soliq va boshqa imtiyozlardan foydalanayotgan yoki davlatdan arzon resurs olgan, qiymati 10 million dollardan yuqori investitsiya loyihalariga ham ushbu talablar tatbiq etiladi.
Mahalliy maishiy texnika savdosini rag‘batlantirish va aholiga qulaylik yaratish maqsadida yangi moliyaviy mexanizm yo‘lga qo‘yiladi.
Banklar tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan muzlatkich, kir yuvish mashinasi, konditsioner va boshqa maishiy texnikalar xaridi uchun yillik 18 foiz stavkaga iste’mol kreditlari ajratish rejalashtirilmoqda.
«Bu, bir tomondan, oilalarning zamonaviy maishiy texnika xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirsa, ikkinchi tomondan, mahalliy korxonalar mahsulotlarining sotuvini oshiradi», — deyiladi xabarda.
Mutasaddilarga ikki haftada tegishli hisob-kitoblarni tayyorlab, tijorat banklariga ushbu maqsadlar uchun arzon resurs joylashtirish bo‘yicha aniq taklif kiritish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston bankomatlar importidan voz kechishi mumkinligi haqida yozgan edik.





