Yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha jarimalar va ball hisoblashning yangi tartibi belgilandi
Endi haydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar asosan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining «Ma’muriy amaliyot» elektron tizimi orqali rasmiylashtiriladi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekistonda yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha ma’muriy ishlarni yuritishning yangi tartibi belgilandi. Ichki ishlar vazirining 2026-yil 4-sentabrdagi 502-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnoma 5-noyabrda Adliya vazirligida 3969-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat 6-noyabrda rasman e’lon qilingan bo‘lib, 2027 yil 6-yanvardan kuchga kiradi.
Hujjatga ko‘ra, yo‘l-patrul xizmati xodimlarining qoidabuzarlardan joyida jarima olishi qat’iyan taqiqlanadi.
Ma’muriy bayonnomalar asosan YHXXning «Ma’muriy amaliyot» elektron tizimi orqali rasmiylashtiriladi hamda haydovchi va guvohlar tomonidan elektron imzo yoki barmoq izi orqali tasdiqlanadi.
Ball tizimi va jarima to‘lashdagi o‘zgarishlar
Ayrim yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun asosiy jazo bilan birga jarima ballari ham hisoblab boriladi. Bitta qoidabuzarlik uchun eng ko‘pi bilan 2 ball beriladi va bu ballar bir yil davomida jamlanadi. Ushbu muddat o‘tgach, ballar avtomatik ravishda o‘chiriladi. Agar haydovchi bir yil ichida 12 balldan ko‘p to‘plasa, qo‘shimcha jazo masalasini hal qilish uchun ish materiallari elektron shaklda sudga yuboriladi.
Jarima to‘g‘risidagi qaror chiqarilganidan keyin 60 kun ichida to‘lov amalga oshirilmasa, transport vositasini ushlab turish chorasi qo‘llanilishi mumkin.
Biroq, haydovchi jarimani elektron to‘lov tizimi, ilova yoki bank kassasi orqali to‘liq to‘lasa, avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilmaydi. Shuningdek, jarima haqidagi qaror olinganidan so‘ng 15 kun ichida uning 50 foizini yoki 30 kun ichida 70 foizini to‘laganlar jarimaning qolgan qismidan ozod etiladi.
Haydovchilar jarima qarori nusxasini olgan kundan boshlab 10 kun ichida yuqori turuvchi organ yoki sudga shikoyat qilishlari mumkin. Bu muddat ichida shikoyat berilsa, qaror ijrosi (ma’muriy qamoqdan tashqari) vaqtincha to‘xtatib turiladi. Agar qaror bekor qilinsa, undirilgan mablag‘lar qaytarib beriladi.
Ma’muriy ishlar yuzasidan murojaatlar haydovchining yashash joyidan qat’i nazar, istalgan hududiy ma’muriy amaliyot markazida «yagona darcha» tamoyili asosida qabul qilinadi. Jarayon ortiqcha hujjatlarsiz, davlat idoralarining elektron tizimlari integratsiyasi orqali amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-noyabrdan tadbirkorlar o‘rnatgan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali haydovchilarning xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi holatlarini ham aniqlashga ruxsat berilishi, chorraha va qayrilib olish joylari yaqinida ayrim yo‘l yotiq chiziqlarini bosib harakatlangan haydovchilarga nisbatan YPX inspektorlari tomonidan jarima bayonnomasi rasmiylashtirilmasligi haqida xabar berilgandi.





